Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiyada tutqunlikda saqlab kelingan ayol qutqarildi

Turkiyada tutqunlikda saqlab kelingan ayol qutqarildi

Turkiyaning Ushoq shahrida erkiga xilof ravishda tutqunlikda ushlab kelingan o‘zbekistonlik ayol qutqarildi.

O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabariga ko‘ra, idoraga Tashqi ishlar vazirligi orqali Qarshi shahridan 21 yoshli fuqaro o‘z onasining Istanbulga 4 yil oldin ketgani, 3 yildan beri aloqaga chiqmayotganini aytib, onasini topish va vatanga qaytarishda yordam so‘ragan murojaati kelib tushgan.

Mazkur murojaat asosida olib borilgan tekshirishlar natijasida esa 1982-yil Qarshi shahrida tug‘ilgan X.D. Turkiyaning Ushoq shahrida ekanligi, 2020 yildan buyon Turkiya fuqarosi M.G. tomonidan erkiga xilof ravishda tutqunlikda ushlab turilganligi aniqlandi.

Joriy yilning 27-avgust kuni Bosh konsulxona, Tashqi mehnat migratsiyasining Istanbul shahridagi vakili, «O‘zbek ayollari huquqlarini himoya qilish» jamiyati va Turkiya Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda tezkor tadbir tashkil etildi.

Natijada, o‘zbekistonlik ayolning hayotiga va sog‘ligiga ziyon yetkazilmagan holda qutqarilib Ushoq shahar ichki ishlar boshqarmasiga yetkazildi.

Shaxsni erkiga xilof ravishda tutqunlikda saqlab kelgan M.G.ga nisbatan esa Turkiya qonunchiligiga muvofiq jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ma’lum qilinishicha, hozirda X.D.ni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha tegishli ishlar davom ettirilmoqda.

Bosh konsulxona o‘zbekistonliklardan turli va’dalarga ishonib erk va hayotni xavf ostiga qo‘ymaslikni, shu kabi vaziyatga tushgan taqdirda elchixona yoki Bosh konsulxonaga murojaat etishini tavsiya qilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring