Uchquduqda 3 tonna «oltin tosh» ortilgan 2 ta mashina to‘xtatildi
Navoiy viloyatida Milliy gvardiya va IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida Xatirchi tumanida yashovchi T.J. va Sh.M. ismli fuqarolar qo‘lga olindi. Bu haqda IIV saytida xabar berilgan.
Ular Uchquduq tumani «Altintou» mahallasida joylashgan «Aygul-partiya» deb nomlangan eski oltin konidan tarkibida oltin zarralari bo‘lgan toshlarni noqonuniy yo‘l bilan qazib olayotgani ma’lum qilindi.
T.J. o‘zining «Ford» avtomashinasida 17 qopga joylangan 1.264 kg, Sh.M. esa o‘ziga tegishli «Ford» avtomashinasida 33 qopga joylangan 1.654 kg tarkibida oltin zarralari bo‘lgan mayda toshlarni olib chiqib ketayotganida to‘xtatib qolindi va xolislar ishtirokida bayonnoma rasmiylashtirildi.
Tarkibida oltin zarralari bo‘lgan ushbu toshlar mutaxassislar tomonidan tekshirib ko‘rildi (1 g — 604.863,5 so‘m belgilangan narxda). Fuqaro T.J. tomonidan o‘zlashtirilgan 1.264 kg toshda 148 g (89.000.000 so‘m), fuqaro Sh.M.dan olingan 1.654 kg toshda esa 234 g (141.000.000) oltin moddasi borligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan hozirgi kunda Navoiy viloyati Uchquduq tumani IIB xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter