Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ular o‘zini tanishtirmadi — Sirdaryo IIB jurnalistlar nima uchun bosimga uchraganini ma’lum qildi

Ular o‘zini tanishtirmadi — Sirdaryo IIB jurnalistlar nima uchun bosimga uchraganini ma’lum qildi

Kecha Sirdaryoda «Human.uz» sayti muxbirlari IIB xodimlarining navbatdagi bosimiga uchragani haqida xabar bergandik.

Unga ko‘ra, Sardoba falokati ortidan uy-joylaridan evakuatsiya qilingan odamlar bilan gaplashib, sharoitlari haqida reportaj tayyorlashga kirishgan jurnalistlar faoliyatiga shu yerdagi ichki ishlar xodimlari ochiqdan-ochiq aralashib, tasvirchini (kamerasi bilan) olib ketishgandi. Kameraga yozib olingan tasvirlar IIB xodimlari tomonidan o‘chirib tashlangan.

Bugun Sirdaryo viloyat IIB bu xabarga rasmiy izoh berib o‘tdi. Quyida izoh keltiriladi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda, Bugun «Jahon matbuoti erkinligi kuni»midi?! Ammo, lekin, biroq Sirdaryodagi Ichki ishlar xodimi to‘yni azaga aylantirmoqchimi?!» deb nomlangan maqola keng muhokamaga sabab bo‘lmoqda.

Maqolada keltirilishicha Sirdaryo Olimpiya zahiralari kollejiga joylashtirilgan odamlar bilan gaplashib, sharoitlari haqida reportaj tayyorlashga kelishgani, biroq o‘sha yerdagi Ichki ishlar xodimlari tasvirchilarni olib ketishganligini, «Operatorni nega olib ketyapsiz», degan savolga organ xodimi «Siz qonun talablariga qarshilik qilyapsiz», deganligi, qanday qonun talablari buzilgani haqidagi savolga javob bermaganligi va «Obor, zapislarni ko‘rasan, o‘chirib tashlaysan», deya buyruq berganligi takidlanib videolavha ilova qilingan.

2020 yil 03 may kuni soat taxminan 12-00 larda «Guliston Olimpiya zaxiralari maktab internati»ga karantin qoidalarini buzgan holda, o‘zlarini tanishtirmasdan notanish bo‘lgan ikki nafar fuqarolar kirib, fuqarolarni video tasvirga olib yurganligi, shu sababdan yotoqxonaga mas’ul qilib biriktirilgan Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushbu fuqarolardan o‘zlarini tanishtirishlari so‘ralganda hech qanday hujjat ko‘rsatmaganliklari uchun shaxsiga aniqlik kiritish maqsadida 2-sonli ichki ishlar bo‘limiga olib borilib, shaxsiga aniqlik kiritilib, 15-20 daqiqa o‘tgandan so‘ng «Guliston Olimpiya zaxiralari maktab internati»ga qaytarib olib kelingan.

Yuqoridagi holat bo‘yicha Sirdaryo viloyati IIB mas’ul xodimlari tomonidan xizmat tekshuruvi o‘tkazilib, xizmat tekshiruvi xulosasiga ko‘ra xodimlarning xatti-harakatlari xar taraflama o‘rganilib intizomiy choralar ko‘riladi», — deyiladi munosabatda.

Shu bilan birga Sirdaryo viloyat IIB Butunjahon matbuot erkinligi kuni bilan «yurtimizda tezkorlik, aniqlik, xolislik bilan faoliyat yuritayotgan barcha ommaviy axborot vositalari xodimlarini bugungi sana munosabati bilan yana bir bor muborakbod» etgan.

Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish lozim, IIBning munosabatida jurnalistlar olgan tasvir o‘chirib tashlangani haqida hech qanday izoh keltirilmagan. Yana bir savol: nima uchun jurnalistlardan faqat bir nafari «shaxsini aniqlash uchun» 2-son ichki ishlar bo‘limiga olib borilgani ham ochiq qolgan. Agar OAV xodimlarining har ikkisi ham hech qanday hujjat ko‘rsatmagan bo‘lsa, nima uchun ikkisi ham IIB bo‘limiga olib borilmadi?

Xabar.uz voqealar jarayonini kuzatishda davom etadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring