Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vazirlik mansabdor shaxslari jinoyatda gumonlanmoqda

Vazirlik mansabdor shaxslari jinoyatda gumonlanmoqda

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (hozirgi Yoshlar siyosati va sport vazirligi) mansabdor shaxslari davlat mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilishda gumonlanmoqda. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi. 

Agentlik tomonidan fuqaroning murojaati asosida tuzilgan ishchi guruh Jismoniy tarbiya va sport vazirligi faoliyatini o‘rgangan va ayrim mansabdor shaxslar tomonidan bir qator xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganini aniqlagan.

Jumladan, 2019 yilda Italiyaning Pediluko shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha o‘tkazilgan turnir hamda o‘quv yig‘ini mashg‘ulotida O‘zbekiston milliy jamoasining ishtirokini ta’minlash uchun davlat budjetidan 334 mln so‘m, 20 680 yevro va 1500 dollar ajratilgan. Biroq, o‘rganishlar davomida ushbu xalqaro tadbirlar uchun sarflangan mablag‘larni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi aniqlangan. 

Shuningdek, 2019 yilda Tokio va Pekinda sinxron suzish bo‘yicha bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqalarga mas’ullar 1015 dollar miqdorida ortiqcha xarajatga yo‘l qo‘ygan. 

Bundan tashqari, vazirlik tomonidan 2020 yilda budjet mablag‘lari hisobidan sport jihozlari sotib olish uchun «Mashxim» MChJ, «Arabboy sport» XK va «Sport jihoz lyuks» korxonasi bilan 45 ta holatda 15 mlrd so‘mlik shartnomalar tuzilgan. O‘rganishda 6 ta shartnoma bo‘yicha sotib olingan 2,9 mlrd so‘mlik jihozlarning foydalanish uchun tarqatilganini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi aniqlangan. 

O‘rganish yakuni bo‘yicha to‘plangan hujjatlar qonuniy baho berish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan. 

Hozirda aniqlangan holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksi 167-moddasining 3-qismi, «a» bandi (davlat mulkini juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring