Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Yil jinoyati». Na kulishni, na yig‘lashni bilmaysan – Rasul Kusherbayev

«Yil jinoyati». Na kulishni, na yig‘lashni bilmaysan – Rasul Kusherbayev

Qonunchiligimizda arzimagan harakatlar uchun ham shartta jinoiy javobgarlikka tortvorish holatlari, afsuski, haliyam bor, demoqda Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev.

To‘g‘risi, Andijon shahridagi «Registon» saylgohida drondan ruxsatnomasiz foydalanib, klip olmoqchi bo‘lgan operatorning salkam «yil jinoyatchisi»ga aylanib qolgani haqida o‘qib na kulishni, na yig‘lashni bilmaysan.

Sababi har qanday harakatning huquqiy oqibatiga qarab javobgarlik belgilanishi kerak. Va men shu kunga qadar drondan foydalanishning jamiyat va davlat uchun qanday og‘ir oqibat olib kelishi mumkinligini tushunmaganman. Ruxsat olsa xavfsiz, ruxsat olmasa xavfli. Xuddiki avtomobillar «tonirovka»si kabi: pulini to‘lasang xavfsiz haydovchisan, to‘lamasang xavfli haydovchi.

Bunda tengsizlik tugab, tenglik bo‘lishining mohiyati shundaki, yangi yil kechasida Toshkentda odamlar ustida uchgan «dronlar shousi» davlat va jamiyat uchun hech qanday xavf tug‘dirmadi, deb qaralgani kabi, klip olish uchun drondan foydalanishning oqibati ham o‘sha «dronlar shousi»dek baholanishi kerak. Chunki mohiyatan bitta holatga ikkita ko‘z bilan qo‘shstandart uslubida qarash adolatsizlik, deb tushuniladi.

Oddiy aytganda, hatto jarima solishga ham tormaydigan bu kabi jazolarni jinoyat qonunchiligidan butunlay chiqarish va nari borsa ma’muriy tartibdagi javobgarlikka o‘tkazish vaqti allaqachon yetib kelgan. Bu gapim mantiqsiz «tonirovka» chekloviga tegishlimas, uni butunlay bekor qilish kerak.

Tan olaman: dron masalasida javobgarlikni jinoyat darajasida belgilashda biz deputatlarning hissasi katta, chunki istab-istamay bunga qachonlardir o‘zimiz ovoz berganmiz. Biroq o‘sha vaqtning talabi va zarurati nima bilan bog‘liq bo‘lganini hozir bilmayman. Bugun esa bu – bugun. 

P/S: Aybimni topishni poylab yurganlarga eslatib o‘tmoqchi edimki, bu bilan islohotlarga, davlat siyosatiga qarshiman, deganim yo‘q. Bu Konstitutsiyada kafolatlab qo‘yilgan fikr bildirish huquqim, xo‘pmi?! – yozadi deputat.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring