Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

2021-yili auksionlarda eng qimmatga sotilgan narsalar (infografika)

2021-yili auksionlarda eng qimmatga sotilgan narsalar (infografika)

Infografika: Visual Capitalist

O‘tgan 2021-yil jahon auksionlaridagi bir qator shov-shuvli savdolar tarixiy rekordlarni o‘rnatdi. Visual Capitalist tayyorlagan infografikaga 2021-yilda turli kimoshdi savdolarida eng qimmatga sotilgan 12 narsa kiritildi.

Pablo Pikasso. «Deraza oldida o‘tirgan ayol». 1932-yil.
Foto: PA Images / Alamy via Legion Media

2021-yilgi kimoshdilarda eng qimmatga Pablo Pikassoning «Deraza oldida o‘tirgan ayol» asari sotildi. 1932-yilga mansub ushbu kartinada rassomning sevgilisi Mariya-Tereza Valter tasvirlangan (uni tanib olish uchun albatta Pikasso muxlisi bo‘lish talab etiladi:)). Mana shu asar Christie’s auksionida 103,4 mln dollarga sotilgan.

Solishtirish uchun: 2017-yili Leonardo da Vinchining «Dunyo xaloskori» asarini Saudiya Arabistoni voris shahzodasi Muhammad ibn Salmon al-Saud kimoshdida 450 mln dollarga xarid qilgan.

2021-yilgi kimoshdilarning ikkinchi qimmat xaridi uchun Sotheby’s auksionida 43,2 mln dollar to‘landi. AQSh konstitutsiyasining birinchi bosma nusxalaridan birini sotib olish uchun milliarder va sarmoyador Kennet Griffin hamda 17 mingdan ortiq a’zosi bor ConstitutionDAO kriptoinvestorlar guruhi o‘rtasida kurash kechdi. Yakunda ko‘hna konstitutsiya Griffinning mulkiga aylandi.

Christie’s auksionida 29,3 mln dollarga sotilgan 15,81 karatli pushtirang olmos — «Sakura» — uchinchi o‘rinda.

1995-yilda chiqarilgan, atigi 390 kilometr yurgan McLaren F1A noyob mashinasi Gooding & Company auksioanida 20,5 mln dollarga ketdi. Bunaqa mashinadan atigi 106 dona ishlab chiqarilgan, shulardan bittasini Ilon Mask 2000-yilda katta tezlikda boshqarayotib abjag‘ini chiqargan.

AQShning 20 dollarlik oltin tangasi.
Foto: Sotheby’s/Getty Images

AQShning 20 dollar nominalidagi (qo‘shburgut) oltin tangasi 18,9 mln dollarga baholandi. Ushbu tangalar 1933-yilga qadar zarb etilgan, AQSh oltin standartidan voz kechganidan so‘ng, tangalar muomaladan chiqarilib, qayta eritilgan. Hozir dunyo bo‘yicha shunday tangadan 13 donasi saqlanib qolgan, 2021-yilgi Sotheby’s kimoshdi savdolarida sotilgani — shu paytgacha eng qimmati va rekordchisi bo‘ldi.

Sherif Pet Garrett mashhur jinoyatchi Billi Kidni otib o‘ldirgan «Kolt» revolveri Bonhams auksionida 6 mln dollarga sotildi. Kimoshdi savdolari tarixida hali hech bir o‘t ochish quroli bunchalik qimmatga ketgan emas.

Infografikadagi qolgan narsalar:

  • $5,3 mln — Grande et Petite Sonnerie soati
  • $1,6 mln — taniqli dizayner Ron Arad zanglamas po‘latdan yasagan sofa
  • $1,5 mln — Maykl Jordanning bir juft Nike krossovkasi
  • $1 mln — 56,87 karatli zumrad qadalgan marjon
  • $702 ming — 4,5 mlrd yoshli Fukan meteoriti
  • $155 ming — Hermès Black Togo Birkin 35 sumkasi.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring