Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari tuman prokurorligiga «safarbar qilindi»
Qashqadaryo viloyati, Mirishkor tumani hokimi Baxtiyor Rajabovning haqoratli audiosining internetda tarqalishi atrofida yuz bergan kadrlar almashinuvidan tuman prokurori ham chetda qolmagani xabar qilingan edi.
«Xabar.uz» manbasiga ko‘ra, ishdan olingan prokuror o‘rniga Ichki ishlar vazirligining Tergov departamenti sobiq boshlig‘i, vazirning sobiq o‘rinbosari Akromxon Boboxonov tayinlangan.
Qayd etish lozimki, o‘tgan 2019-yilning yozida Ichki ishlar vazirining bir yo‘la uch o‘rinbosari —general-mayor Davron Nazarmuhamedov, polkovnik Shavkat Mavlonov va polkovnik Akromxon Boboxonov iste’foga chiqarilgan edi.
O‘sha vaqtda ularning ikki nafari viloyat ichki ishlar boshqarmalariga rahbarlikka jo‘natildi. Xususan, Davron Nazarmuhamedov Xorazm viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga, Shavkat Mavlonov esa Sirdaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasiga boshliq bo‘lgandi. Akramxon Boboxonovning keyingi faoliyati noma’lumligicha qolayotgandi.
Mana, endi bugundan u Mirishkor tumani prokurorligiga «safarbar qilingani» aytilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter