Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Aloqachi O‘tkir Mirzaaliyev qanday qilib millionerga aylandi?

Aloqachi O‘tkir Mirzaaliyev qanday qilib millionerga aylandi?

Foto: «Xabar.uz»

Sayxunobodlik O‘tkir Mirzaaliyev 32 yildan buyon aloqa sohasida xizmat qilib keladi. O‘rta maktabdan so‘ng 1986-1989 yillarda Toshkent aloqa politexnikumi (hozirgi aloqa kasb-hunar kolleji)da tahsil olgan. Tuman aloqa bog‘lamasida oddiy elektromontyorlikdan ish boshlagan. Mana 13 yildirki, Sayxunobod tuman telekommunikatsiyalar bog‘lamasini boshqarib keladi.

O‘tkir aka qiziquvchan va izlanuvchan inson. Parranda boqishga ishqi tushganidan shu yo‘nalishdagi adabiyotlarni o‘qishni kanda qilmaydi. Ishdan bo‘sh vaqtlarida avvaliga broyler tovuqlarni boqib ko‘rdi, hozir ham xonadonida 150ta tovug‘i bor. Mamlakatimizda bedana boqishga e’tibor kuchayganidan beri yana tinchi yo‘qoldi. Shu kichik, o‘zining ta’biri bilan aytganda, «sirli» parrandani boqishga kirishib ketdi. Bugungi kunda xonadonida qariyb uch mingta bedana bor. Kuniga ulardan o‘rtacha 2500ta tuxum olinadi. Har oyda bedana tuxumi sotuvi va uni ko‘paytirib sotishdan Mirzaaliyevlar olti million so‘m foyda ko‘ryapti.

Foto: «Xabar.uz»

Davlatimiz rahbari yaqinda Sirdaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Mirzaobod tumanida bir guruh naslli yilqichilik, chorvachilik va parrandachilik bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlar bilan uchrashgan edi. Ana shunda O‘tkir aka ham oilaviy tadbirkorlik faoliyatlari haqida Prezidentimizga so‘zlab berdi.

– Prezidentimiz viloyatimizga kelganlarida «Bitta-yu bitta mezon bor: mehnat qilish mezoni. Mehnat qilmagan yurt, el, qaysi viloyat bo‘lishidan qat’i nazar hech qachon natijaga erisha olmaydi, bu tabiiy narsa. Agar mana shu ishlarni, sanoatimizni rivojlantirib, biznesni rivojlantirish qo‘limizdan kelolsa, Sirdaryoga teng bo‘ladigan viloyat bo‘lmaydi. Sirdaryoning  taqdiri sizlarning qo‘llaringda», deb aytdilar, – deydi suhbatdoshimiz. – Albatta, bundan katta kuch oldim. Tumanimizdagi 50ta oilaga bedana boqishni o‘rgatishga yordam berishni maqsad qildim. Tuman hokimligi ham bu borada o‘z ko‘magini bermoqchi. Hamkasblarimiz orasida ham qo‘shimcha daromad topish niyatida tadbirkorlikning shu turiga qiziquvchilar bor. Ularga ham qo‘limdan kelgan yordamimni ayamayman.

Foto: «Xabar.uz»

– Ishdan bo‘sh vaqt topishim bilan bedanalar oldiga chopaman, – deydi O‘tkir aka kulib. – Uning turgan-bitgani foyda. Birinchidan oilangiz bilan qo‘shimcha daromad topasiz. Ikkinchidan, uning go‘shti va tuxumi shifobaxshligini aytmaysizmi? Qo‘shimcha daromad ortidan o‘g‘illarim – Dilshod va Muhriddinlarni uylantirdim, uy-joy qilib berdim, qizimni uzatdim. Ro‘zg‘orimiz but, nevaralarni tarbiyalayapmiz, mehnat qilgan odam kam bo‘lmaydi. Faqat hafsala kerak.

Tadbirkorlik ortidan daromad topayotgan, hamkasblariga ham shu biznesni o‘rgatishni niyat qilgan O‘tkir Mirzaaliyev bilan uyushtirilgan maqolani «Xabar» gazetasining navbatdagi sonida o‘qiysiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring