Andijonda IIB xodimini o‘ldirgan shaxs qidirilyapti

Joriy yilning 1-iyul kuni Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani «Yuksalish» mahallasidagi xonadonlarning birida sodir bo‘lgan oilaviy mojaroda profilaktika inspektori pichoqlandi.
Gap shundaki, oilaviy janjal haqida 102 qisqa raqamiga kelib tushgan xabar asosida mazkur manzilga hudud profilaktika inspektori katta leytenant A.Abduvaliyev hamda mahalla raisi A.Mamataliyev yetib borishgan.
Aniqlanishicha, 65 yoshli fuqaro Xolbozorov Yunusali Tumarovich mast holda o‘z oila a’zolariga xo‘jalik pichog‘i bilan tahdid solayotgan bo‘lgan. Hujumchini zararsizlantirish jarayonida Yu.Xolbozorov qo‘lidagi pichoq bilan katta leytenant A.Abduvaliyevning ko‘krak qismiga zarba berib, og‘ir tan jarohati yetkazgan.
Olgan jarohati natijasida ko‘rsatilgan yordamga qaramasdan A.Abduvaliyev shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan.
Holat yuzasidan JKning 97-moddasi 2-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda gumondor Yu.Xolbozorov voqea joyidan yashiringan, uni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.
IIV ushbu shaxs haqida biron-bir ma’lumotga ega bo‘lgan fuqarolardan zudlik bilan yaqin oradagi ichki ishlar organlariga yoki 102 qisqa raqamiga murojaat qilishlarini so‘ramoqda.
Manba: t.me
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter