Asli surxondaryolik tadbirkor O‘zbekistonga 11,5 milliard investitsiya kiritdi
Asli kelib chiqishi surxondaryolik, Buyuk Britaniya fuqarosi bo‘lgan tadbirkor Akbar Ashurov O‘zbekistonga investitsiya kiritmoqda.
Tadbirkor O‘zAga bergan intervyusida klaster uslubida pilla yetishtirish, uni qayta ishlash va tayyor mahsulot holda eksport qilishga katta sarmoya kiritganini bildirdi.
— Mening Vatanim — O‘zbekiston. Ota yurtimni sevaman va bundan albatta faxrlanaman, — deydi Akbar Ashurov. — Prezident Shavkat Mirziyoyev chet elda biznes qilib yurgan vatandoshlarni yurtga qaytishga, oldingi muammolarni unutib, O‘zbekistonda turli korxonalar, zavod va fabrikalar qurishga chaqirgani menda katta taassurot qoldirdi. Islohotlar boshlangani bizni albatta quvontiradi va biz ularning davomli bo‘lishidan umidvormiz. O‘ylab qoldim, nega o‘z mablag‘imni yurtim rivoji, uning gullab-yashnashi uchun yo‘naltirmayapman. Men buni qilishim kerak. Shunda investitsiya kiritish uchun qilgan murojaatim qo‘llab-quvvatlandi. Taqdim etilgan loyihalar orasida «O‘zbekipaksanoat» uyushmasining ipakni qayta ishlash korxonasi barpo etish borasidagi taklifi menda qiziqish uyg‘otdi.
5 million dollarga teng loyihani amalga oshirish maqsadida Jizzax viloyatini tanladim. Bizga 11,5 milliard so‘m investitsiya kiritish va 120 ish o‘rni yaratish sharti bilan bir gektardan ko‘proq yer maydoni nol qiymatda ajratib berildi.
Hozir qurilish ishlari jadallik bilan bormoqda. Ipak yetishtirish mavsumi boshlanguncha, korxonamiz ishga tushadi. Ipakni yigirish uskunalarini Xitoydan, mato ishlab chiqarish jihozlarini Yevropadan olib kelish borasida shartnoma tuzganmiz.
Eng qizig‘i, hali korxonamiz ishga tushmasidan bizga buyurtmalar tushmoqda. Misol uchun, Eron, Turkiya, Pokiston, Ozarbayjon, Vetnam kabi qator davlatlar ipak tolasini xarid qilish istagini bildirmoqda. Korxona birinchi bosqichda yiliga 144 tonna quruq pillani qayta ishlaydi. Yil oxiriga borib, 2 million dollarlik mahsulot eksport qilamiz.
2019-yilda ipak matolar va ulardan kiyim-kechaklar ishlab chiqarishni boshlaymiz. Korxonaning to‘liq quvvatda ishlashi 2022-yilga mo‘ljallangan. Unga qadar 480 doimiy va 10 mingta mavsumiy ish o‘rni yaratiladi.
Maqsadimiz pillani qayta ishlashdan tortib eksport uchun mato, kiyim-kechak va gilam ishlab chiqarish jarayonigacha bo‘lgan barcha bosqichlarni to‘liq qamrab olishdan iborat.
Tizimda klaster tashkil etish tajribasini qo‘llab-quvvatlayman. Shu bois korxona qoshida oltita innovatsion qurtxona quriladi. Ularning atrofida 180 gektar tutzor yaratish, «smart» texnologiyalar va nou-xaularga asoslangan yangicha ishlab chiqarish uslubini yo‘lga qo‘yib, bir yilda uch marta hosil olinadi. Ana shunda eksport imkoniyatimiz yanada oshadi.
Ishonamanki, O‘zbekiston yaqin yillarda dunyoning rivojlangan davlatlari qatoridan joy oladi. Kelgusida yana ko‘plab loyihalarni moliyalashtirish niyatidaman.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter