Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Benzin, gaz va elektr ta’minoti – Energetika vazirligi muhim masalalar bo‘yicha axborot berdi

Benzin, gaz va elektr ta’minoti – Energetika vazirligi muhim masalalar bo‘yicha axborot berdi

Energetika sohasida so‘nggi yillarda ko‘p o‘zgarishlar bo‘ldi. Tabiiyki, o‘sib borayotgan soha sifatida yutuqlar bilan birga muammolar ham ko‘zga tashlandi. Xabar.uz axborot tahliliy portali vazirlik matbuot xizmatiga bir qator masalalar bo‘yicha so‘rov kiritdi va savollariga javob oldi.

Quyida vazirlik tomonidan berilgan axborotning muxtasar ko‘rinishi havola etiladi.

Ai-80 benzini
Mavzu avvalida tabiiyki Ai-80 benzini narxi ko‘tarilgani haqida savol qo‘yildi. Vazirlik tomonidan ta’kidlanishicha, benzin narxi oshmagan, balki unga nisbatan qo‘llanilgan imtiyoz muddati yakuniga yetgani tufayli aksiz solig‘i joriy etilgan.

Ya’ni, shunchaki bugunga qadar bo‘lgan 6080 so‘m narx ustiga aksiz solig‘i qiymati ham qo‘shilgani tufayli bir litr Ai-80 rusumli benzin «UNG Petro» zapravkalarida 6800 so‘mdan sotila boshlangan.

Imtiyoz
Ai-80 benziniga imtiyoz 2022 yilning 13 dekabrida joriy etilgan bo‘lib, o‘sha vaqtdagi anomal sovuq natijasida metan gaz zapravkalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklov o‘rnatilgani sababli hukumat tomonidan shunday qaror qabul qilingandi. Energetika vazirligi tomonidan ma’lum qilinishicha, o‘z vaqtida bu imtiyoz metan gaz bilan bog‘liq muammoni qisman yopgan bo‘lsa-da, keyinchalik undan ko‘proq xususiy zapravkalar foyda ko‘rgan.

Masalan, avtobenzinning avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga bozor tamoyillari asosida birja savdolari orqali sotilishi va uning narxi erkin shakllanishi tufayli xususiy zapravkalarda Ai-80 narxi 8400, ba’zi holatlarda esa 8800 so‘mga qadar yetgan. Natijada aksiz solig‘i nollashtirilganidan iste’molchilardan ko‘ra xususiy zapravkalar ko‘proq manfaatdor bo‘lib kelgan.

Budjet
Vazirlik tomonidan ta’kidlanishicha, aksiz solig‘i imtiyozlari sababli Davlat budjetiga 1 trillion 228,8 mlrd so‘m miqdorida pul mablag‘lari tushmay qolgan.

Agarda 2024 yilda ham import qilinadigan, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan va tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan yakuniy iste’molchilarga sotiladigan AI-80 rusumli avtobenzin mahsuloti uchun aksiz solig‘i «nol» stavkada qo‘llanilsa, Davlat budjeti bu yil ham 1 trillion 257,8 mlrd so‘m mablag‘ yo‘qotishi mumkin edi.

Bu esa tabiiyki ba’zi ijtimoiy loyihalarga ta’sir o‘tkazgan bo‘lar edi.

Chora-tadbirlar
Ai-80 benziniga aksiz solig‘i qo‘llanilishi natijasida endilikda «O‘zbekneftgaz» AJga qarashli «UNG Petro» zapravkalarida yoqilg‘ining bir litri 6800 so‘mdan sotiladi. Ammo xususiy zapravkalardagi narx oshib borishiga nisbatan qandaydir chora-tadbirlar qo‘llaniladimi? Bu haqdagi savolga vazirlik tomonidan atroflicha javob berishdi.

Ta’kidlanishicha, buning uchun bir nechta yechim taklif etilgan:

Birinchidan, ayni vaqtda Ai-80 benziniga narx belgilashda ma’lum chegaradan o‘tmaslik bo‘yicha taklif tayyorlanmoqda. Xuddi metan gaz zapravkalarida bir metr kub gaz uchun eng yuqori narx 3250 so‘m etib belgilanganidek, Ai-80 benziniga ham ma’lum qiymat taklif etiladi.

Ikkinchidan, metan gaz zapravkalari sonini oshirish choralari ko‘riladi. Ularning faoliyatiga nisbatan qo‘llanilayotgan cheklovlar imkon qadar kamaytiriladi. Masalan, bu yil faqat ma’lum muddat gaz zapravkalarining ish soati cheklandi xolos. Birorta ham zapravka to‘liq yopib qo‘yilmadi.

Uchinchidan, elektromobillarni quvvatlantiruvchi tarmoqlar kengaytiriladi. Natijada yurtimizda elektromobillardan foydalanishni kengaytirish maqsad qilinmoqda. Masalan, ayni vaqtda yurtimizda bunday turdagi transport vositalaridan bor-yo‘g‘i 26 mingta bor xolos. Shu sababli yaqin kelajakda 123 ta elektromobillarni quvvatlash stansiyalari qurilishi rejalashtirilgan.

Ma’lum qilinishicha, elektromobil va benzinga harakatlanuvchi transport vositasi o‘rtasidagi farq ancha katta bo‘lib, masalan, elektromobil 100 km yurishi uchun 30 ming so‘mlik quvvat sarf etadigan bo‘lsa, benzinga yuruvchi avtomobillar 80 ming so‘mdan 130 ming so‘mgacha sarf qiladi.

Shuningdek elektromobillarning tabiatni asrashdagi o‘rni ham juda katta.

Ekologiya
So‘nggi vaqtlarda ayniqsa Toshkent shahrida ekologiya jiddiy muammoga aylanib borayotgani haqida xabarlar ko‘payib qoldi. Tabiiyki bunda avtomobillarning hissasi ham juda katta.

Yurtimizda umumiy hisobda 4.5 million atrofida transport vositasi bo‘lsa, shundan 700 mingtasi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi. Albatta bir joyda ko‘p avtomobil jamlanishi ekologiyaga ta’sir qilmay qolmaydi. Aksariyat mashinalar Ai-80 benzinida harakatlanishi esa muammoni yana-da jiddiy ko‘rinishga olib kelyapti. Xususiy ishlab chiqaruvchilar tomonidan belgilangan me’yorga amal qilinmasligi esa alohida masala.

Vazirlik matbuot xizmati tomonidan ma’lum qilinishicha, ba’zi tadbirkorlar tomonidan benzinni ishlab chiqarishda ekologik talablar qo‘pol ravishda buzilgan. Masalan, benzin tarkibidagi aktamni ko‘tarish maqsadida turli aromatik qo‘shimchalar qo‘shilgan. Natijada benzin tarkibidagi aktam yetarli bo‘lsa-da, atrof-muhitni ifloslantiruvchi kimyoviy moddalar ko‘p ajrab chiqqan.

Ma’lum etilishicha, bunday benzin ishlab chiqarilishiga chek qo‘yilgan.

Ai-80 kerakmi?
Vazirlik matbuot xizmati bir masalaga e’tibor qaratishni so‘radi: Ai-80 benzini ko‘p mamlakatlarda taqiqlangan bo‘lib, hatto neft mahsulotlarini to‘liq import qiladigan yon qo‘shnilarimiz Qirg‘iziston va Tojikistonda ham allaqachon iste’moldan olingan. E’tiborli tomoni, hozircha mintaqada faqat biz va qo‘shni Afg‘onistonda Ai-80 benzinidan foydalanish davom etmoqda.

Vazirlik yurtimizda ham bosqichma bosqich Ai-80dan voz kechish rejalashtirilganini ma’lum qildi. Masalan, 2025 yilga borib Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida Ai-80 ishlab chiqarilishi to‘xtatilsa, 2026 yilga borib Buxoro neftni qayta ishlash zavodi to‘lig‘icha sifatliroq yoqilg‘i ishlab chiqarishga o‘tkaziladi.

Albatta yoqilg‘i bozorida taqchillik kuzatilmasligi va iste’molda uzilish bo‘lmasligi uchun chora-tadbirlar rejalashtirilgan.

Xorijiy yetkazib beruvchilar
Energetika vazirligi xorijdan benzin olib kiruvchi sub’yektlar faoliyatini kengaytirish orqali iste’mol bozorini bir maromda ushlab turilishini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, Tatneft, Saneg va Lukoyl kabi xorijiy sarmoyadorlarga ko‘proq zapravkalar qurish imkoni beriladi. Natijada mahalliy tadbirkorlar bilan bo‘ladigan raqobat samarasi o‘laroq bozorda yoqilg‘i sifati va narx barqarorligiga erishish rejalashtirilgan.

Energetika
Xabar.uz nashriga shuningdek elektr energiyasi ta’minotida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berib o‘tildi.

Unga ko‘ra, 2024 yilda elektr energiyasi ta’minoti 100 foizga yetkazilishi maqsad qilingan.

«Albatta qaysidir hududlarda lokal avariyalar natijasida elektr ta’minotida vaqtinchalik uzilish bo‘lishi mumkin, ammo biz bunday holatlarni darhol bartaraf etishga kirishamiz», – deyiladi vazirlik axborotida.

Infratuzilma
Xabar.uz tomonidan infratuzilmadagi muammolar ham ko‘tarildi. Chunki elektr energiyasi ishlab chiqarish yetarli hajmda bo‘lgani bilan podstansiyalar, transformatorlar, elektr liniyasi bilan bog‘liq masalalar hal etilmasa maqsadga erishi qiyin.

Magarki yakunda iste’molchiga yetkazib berishda muammolar paydo bo‘laversa, islohotlar samaradorligi tushib ketmaydimi?

Vazirlik haqiqatan ham hozirgi holat ko‘proq muammoli joylarga «yamoq» solinishiga o‘xshab ketishini tan oldi. Ammo ma’lum qilinishicha, ikki yilda infratuzilma masalasi to‘liq hal qilinadi. Buning uchun yetarli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda, samarasi esa hozirdanoq ko‘zga tashlangan. Masalan, o‘tgan yilgi anomal sovuq sharoitida qaysi hudud qachon o‘chirilishi grafik qilingan bo‘lsa, joriy yilda bunaqa muammo ko‘zga tashlanmadi. Faqat avariya holatlaridagina svet o‘chdi va soha xodimlari imkon qadar tezroq vaziyatni bartaraf etishga harakat qildilar.

Vazirlik tomonidan ta’kidlanishicha, yaqin vaqtlar ichida elektr energiyasi bozoriga xususiy sektor kirib keladi. Ya’ni, Hududiy elektr tarmoqlari tizimida xususiy operatorlar ish boshlaydi va sohada raqobat paydo bo‘ladi.

«Xususiy operatorlar raqobat muhitini paydo qiladi, energiya yo‘qotilishini kamaytirish va iste’molchini uzluksiz ta’minlash uchun kurash boshlaydi. Chunki ularga ko‘proq mijoz kerak. Bu esa sifat oshishiga olib kelishi kutilyapti», – deyiladi vazirlik xabarida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring