Buxoroda 54 ming oilaga moddiy yordam pullari topshirildi
Buxoroda ham ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash borasida ezgu amalga qo‘l urilib, bir martalik moddiy yordam konvertlari xonadonlarga yetkazib berildi. Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 2-apreldagi PQ-134-son qaroriga muvofiq, 2025/2026-yilgi isitish mavsumida aholining ehtiyojmand qatlamiga 1 million so‘mdan moddiy yordam ajratish to‘g‘risidagi qaror ijrosidir.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi rahbari Umidjon Umarovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, hudud bo‘yicha 54 mingdan ziyod ehtiyojmand oilalar ro‘yxati shakllantirilgan. Ular bilan bir qatorda, o‘tgan yilda kambag‘allikdan chiqib, qayta kambag‘allik xavfi guruhiga tushish ehtimoli bo‘lgan 2,6 ming oila hamda bolalarni patronatga olgan 46 ta oila ham davlat yordamidan chetda qolmadi.
Umarovga ko‘ra, o‘tgan davrda kompensatsiya va yordamlar bo‘yicha 69,7 mingta ariza ko‘rib chiqilgan. Bazaviy me’yordan yuqori iste’mol qilgan 16,4 ming oilaga 895,2 million so‘m kompensatsiya to‘langan. Faqatgina o‘tgan yilgi isitish mavsumining o‘zida 4,1 ming oila murojaat qilgan bo‘lib, shulardan 1,7 ming nafariga 166,1 million so‘m to‘lov amalga oshirilgan. Joriy mavsumda esa aholi uchun bir martalik yordam pulini to‘lash maqsadida 54,7 milliard so‘mlik mablag‘ tijorat banklariga yo‘naltirilgan.
Qorovulbozor tumanidagi «Tinchlik» mahallasida 5350 nafar aholi istiqomat qiladi. Ijtimoiy himoya ishlari izchil davom etmoqda. 120 nafar nogironligi bo‘lgan fuqaro, 35 ta kambag‘allik reyestridagi oila va 13 nafar yakka-yolg‘iz keksalar istiqomat qiladi. Mavjud muammolarni kamaytirish maqsadida 99 nafar ehtiyojmand fuqaroga kuz-qish mavsumida kommunal to‘lovlarni qoplash uchun maxsus moddiy yordam konvertlari topshirilgan.
Shu mahallada yashovchi, I-guruh nogironligi bo‘lgan Nilufar Namozova uchun bu yordam ayni damda katta ma’naviy kuch bo‘ldi. U 17 yildan beri og‘ir kasallik bilan kurashib keladi, ikki yildan beri aravachada harakatlanadi. Mahalla ijtimoiy xodimi uning xonadon holatini o‘rganib, asistent xizmatlarini tashkil etgan, zarur vositalar, jumladan, nogironlar aravachasi va tirsak hassasi bilan ta’minlagan.
Nilufar opa oldin yig‘ilib qolgan kommunal qarzlarining to‘liq yopilgani haqida so‘zladi:
«Yillar davomidagi mashaqqatlarim davomidagi har bir e’tibor men uchun umid bo‘lib keldi. Bir martalik yordam, asistent xizmati bularning barchasi hayotimni yengillashtirdi. E’tiborsiz qoldirishmagani uchun minnatdorman»,- deydi u.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter