Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Elchi o‘zbekistonlik ishbilarmonlarni imkoniyatlardan unumli foydalanishga chaqirdi

Elchi o‘zbekistonlik ishbilarmonlarni imkoniyatlardan unumli foydalanishga chaqirdi

Elchi Sharlotta Adrian.

O‘zbekiston ishbilarmon doira vakillari Yevropa bozoridagi savdo va sarmoya imkoniyatlaridan yanada unumli foydalanishi kerak. Bu haqda Yevropa Ittifoqining yurtimizdagi elchisi Sharlotta Adrian 5 dekabr kuni Toshkentda EUROUZ vakolatxonasi ochilishidagi nutqida gapirdi.

Yevropa–O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi (EUROUZ) Yevropada rasman qo‘llab-quvvatlangan birinchi biznes-savdo palatasining yurtimizdagi filiali sanaladi.

Elchi o‘zbekistonlik tadbirkorlar uchun Yevropa bozoridagi istiqbolli yo‘nalishlarni ham ochiqladi.

«Ijozatingiz bilan o‘zbekistonlik eksportchilar uchun YeI bozoriga kirishning ayrim imkoniyatlari bilan o‘rtoqlashsam. YeIda mashinasozlik, avtomobilsozlik, yuqori texnologiyalar va tibbiy uskunalar ishlab chiqarish hajmi oshishi munosabati bilan elektron va metall qismlarga bo‘lgan talab ortadi. Ayni paytda YeI ham, O‘zbekiston ham «yashil» iqtisodiyotga o‘tmoqda. Demak, O‘zbekiston eksportini oshirish uchun yana bir sektor mavjud. Bu o‘rinda muhim xomashyo yetkazishni ham qayd etish lozim», – dedi Sh.Adrian xonim.

Diplomat keyingi vaqtlarda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘layotgan sanksiyalar masalasiga ham oydinlik kiritdi.

Tadbirda YeIning yuqori martabali diplomati Lyuk Devin ham qatnashdi.

«Xabaringiz bor, Rossiyaning 2022 yil fevral oyidagi Ukrainaga bosqinidan keyin YeI xalqaro hamkorlar bilan birgalikda sanksiyalar joriy qildi. Ulardan ko‘zlangan maqsad Rossiyani urushni cho‘zish uchun kerakli mablag‘ va texnologiyalardan mahrum etishdir. Aniq-tiniq aytamanki, sanksiyalar O‘zbekistonga va sizning biznesingizga qarshi qaratilmagan. Lekin tinchlik tezroq qaror topishi uchun sanksiyalarni aylanib o‘tishning oldini olish borasida hamkorlik qilishimiz kerak», – dedi YeI elchisi.

Ta’kidlanishicha, YeI O‘zbekistondan sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan Yevropa mahsulotlarining Rossiyaga qayta eksport qilinishiga yo‘l qo‘ymaslikni so‘ramoqda. YeIning sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O‘Sallivan o‘tgan hafta Toshkentga tashrifi davomida ham ushbu masalani muhokama qilgan.

Sh.Adrian o‘z chiqishida yangi ochilgan EUROUZ filiali YeI va O‘zbekiston o‘rtasidagi tijoriy robitalarni yanada mustahkamlashiga umid bildirgan.

Ma’lumot o‘rnida, Yevropa–O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi o‘z a’zolariga maqsadli bozorni tushunish, kuchli biznes tarmoqlarini yaratish va davlat, xususiy manfaatdor tomonlar bilan yanada samarali muloqot borasida yordam ko‘rsatadi. Ushbu tuzilma O‘zbekiston kompaniyalarining Yevropa bozoridagi ishtirokini kengaytirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish, salohiyatni oshirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga tatbiq etish imkonini ham beradi.

Avval xabar berganimizdek, Yevropa tashqi faoliyat xizmati Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha direktori o‘rinbosari Lyuk Devin Toshkentda 5 dekabr kuni o‘tgan uchrashuvda Bryusselning O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash niyatida sobit ekanini bildirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring