Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fransiya kompaniyasi Shohimardonda 45 mln yevrolik turistik markaz quradi

Fransiya kompaniyasi Shohimardonda 45 mln yevrolik turistik markaz quradi

Fransiyaning yirik Montagne et Neige Développement (MND) kompaniyasi prezidenti Xaviyer Gallot-Lavalle va kompaniyaning MDH davlatlari, Bolqon, Turkiya va Pokiston bo‘yicha mintaqaviy savdo direktori Orxan Shirin Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda «Shohimardon» turizmiga katta qiziqish bildirgan.

Uchrashuvda, jumladan, Farg‘ona tumanida joylashgan Shohimardon va Yordon qishloqlari uchun taklif etilayotgan turizm loyihalari muhokama qilindi.

Tog‘ hududlarida sayyohlik ob’yektlarini barpo etishda boy tajribaga ega bo‘lgan MND kompaniyasi ayni paytda Toshkent viloyatida ham qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Shuningdek, kompaniya dunyo bo‘ylab 49 ta davlatda muvaffaqiyatli loyihalarni amalga oshirib kelayotgani qayd etildi.

Shohimardon va Yordon qishloqlarida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan qiymati 45 mln yevro bo‘lgan yangi loyiha doirasida ham sayyohlar uchun tog‘li hududda arqon yo‘li, osma ko‘priklar, tomosha yo‘laklari va maydonlari, turli attraksionlar barpo etiladi.

Loyihaga ko‘ra, 100 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Uchrashuvda bildirilgan takliflar Farg‘onada turizm salohiyatini oshirish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish va yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib olindi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring