Ish haqini natura shaklida to‘lash tartibi belgilandi
«Ish haqini natura shaklida to‘lashni tartibga solish to‘g‘risida»gi Hukumat qarori (286–son, 13.07.2023-y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, mehnatga natura shaklida haq to‘lanishi xodimning yozma roziligiga asosan quyidagi hollarda mumkin:
- xodim yoki uning oilasi iste’moli uchun ish beruvchi tomonidan ishlab chiqarilgan va yetishtirilgan oziq-ovqat hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan hisob-kitob qilish;
- o‘ziga xizmat ko‘rsatilishi va uy xo‘jaligini yuritishda ko‘maklashish maqsadida uy xizmatchilarini yollagan ish beruvchilar tomonidan uy xizmatchilariga oziq-ovqat va vaqtincha yashash uchun uy-joy bilan ta’minlash shaklida hisob-kitob qilish.
Shuningdek, ish haqini natura shaklida to‘lash sharti xodimning roziligi asosida u bilan tuziladigan mehnat shartnomasida ko‘rsatiladi.
Bunda ish haqining natura shaklidagi umumiy summasi 30 foizdan ortiq bo‘lishi mumkin emas.
Xodimning yozma roziligidan qat’i nazar uning ish haqidan:
- 50 foizgacha miqdorda ushlab qolinsa – xodimga natura shaklida to‘lanadigan ish haqining umumiy summasi 10 foizdan ortiq bo‘lishi mumkin emas;
- 50 foizdan ortiq miqdorda ushlab qolinsa – xodimga ish haqini natura shaklida to‘lash taqiqlanadi.
Ish haqini natura shaklida to‘lashda quyidagilar taqiqlanadi:
- xodimning oylik mehnat haqi qonunchilikda Mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasining birinchi razryadi bo‘yicha belgilangan miqdordan oz bo‘lganda, ish haqini natura shaklida to‘lash;
- qishloq xo‘jaligi tovar va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan taqdim etilayotgan mahsulotlarning narxini ularning tannarxidan yuqori belgilash;
- alkogol, tamaki mahsulotlari, dori vositalari, kannabis o‘simligi hamda qonunchilikda realizatsiya qilish (berish) taqiqlangan o‘simlik va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan hisob-kitob qilish;
- uy xizmatchilarini yollagan ish beruvchilar tomonidan taqdim etilayotgan oziq-ovqatlar narxini va uy-joydan vaqtincha foydalanganlik uchun to‘lovlar miqdorini haqiqiy bozor narxidan yuqori narxda belgilash.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter