Jondor tumanida turizmni rivojlantirishga qaratilgan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev 28 iyun kuni Buxoro viloyati Jondor tumanida mahalliy aholi va turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida hududda turizm infratuzilmasini rivojlantirish, yangi turistik marshrutlar yaratish hamda mahalliy aholining bu sohadagi ishtirokini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Tadbirkorlar o‘z faoliyatida duch kelayotgan muammolar va takliflar bilan o‘rtoqlashdi.
Turizm qo‘mitasi raisi hududdagi mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish zarurligini ta’kidlab, Jondor tumanida turizmni rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligini qayd etdi. Shuningdek, davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, investorlar uchun qulay muhit yaratish bo‘yicha aniq takliflar berildi.
Tashrif davomida Turizm qo‘mitasi raisi Jondor tumanidagi «Ushot» MFY, Ushot qishlog‘ini «turizm qishlog‘i»ga aylantirish borasida hududda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Bundan tashqari, tuman hokimligi bilan hamkorlikda tumanning «Varaxsha» arxeologik yodgorligi, Qizbibi ziyoratgohi, «Zarafshon» sohilbo‘yi dam olish maskani va «Ushot turizm qishlog‘i»ni o‘z ichiga olgan «turistik halqa» va 1-2 kunlik turistik dastur ishlab chiqishga kelishib olindi.
Shuningdek, qishloqdagi hunarmandchilik markazi faoliyatini kengaytirish va sayyohlik marshrutiga moslashtirish, oilaviy mehmon uyi tashkil qilish istagida bo‘lgan mahalliy aholiga zarur tavsiyalar berildi. Jondor tumani mahallalardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga amaliy yordam ko‘rsatildi.
Uchrashuv yakunida tadbirkorlar va mahalliy hokimiyat vakillari bilan hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar muhokama qilindi. Turizm qo‘mitasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan dasturlar, grantlar va ta’lim imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Bu uchrashuv Jondor tumanida turizmni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi, deb ta’kidlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter