Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

JST va O‘zbekiston: vaziyat qanday o‘zgarmoqda?

JST va O‘zbekiston: vaziyat qanday o‘zgarmoqda?

Bugun Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda «O‘zbekistonning JSTga kirish yo‘li» mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Anjumanning ustuvor maqsadi xalqaro savdo hamkorligini oshirish bo‘yicha umumiy fikrga ega bo‘lgan akademik doiralar, hukumat va sanoat vakillari o‘rtasida bilim, ilg‘or tajriba almashish va ular o‘rtasidagi aloqalarni o‘rnatishni osonlashtirishga qaratilgan.

Tashkilotga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining JST masalalari bo‘yicha maxsus vakilining so‘zlariga ko‘ra: «JST O‘zbekiston uchun, shubhasiz, ustuvor vazifa hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Idoralararo komissiya va muzokaralar guruhi oldida aniq vazifalar belgilab berilgan va erishilishi mumkin bo‘lgan maqsadlarni qo‘yilgan».

Uchta asosiy yo‘nalish – milliy qonunchilik va amaliyotni JST qoidalariga uyg‘unlashtirish, ko‘ptomonlama va ikkitomonlama muzokaralarni faollashtirish bo‘yicha jiddiy choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, «Raqobat», «Standartlash», «Texnik tartibga solish» to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari kuchga kirmoqda. O‘tgan oyning o‘zida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni (2023-yil 15-avgustdagi PF-140-son) hamda Vazirlar Mahkamasi qarori (2023-yil 22-avgustdagi 408-son) bilan 15 dan ortiq qonunchilik xujjatlari JST talablariga moslashtirildi.

JSTga a’zo mamlakatlarga ko‘ptomonlama muzokaralar doirasida 15 dan ortiq muhim xujjatlar taqdim etildi. O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruhining 7-yig‘ilishini o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik yakuniy bosqichda.

Bundan tashqari, yil yakuniga qadar 10 dan ortiq davlatlar bilan muzokaralarni yakunlash bo‘yicha jiddiy choralar ko‘rilmoqda.

Ma’lumki, Jahon savdo tashkilotining asosiy vazifasi xalqaro savdoni liberallashtirish, savdo bitimlarining odilligini ta’minlash, iqtisodiy o‘sish va xalq farovonligini oshirishdan iborat. JST va unga a’zo bo‘lgan mamlakatlardan ichki bozorni erkinlashtirishni qat’iy talab qiladi. Har bir davlatning bu tashkilotga a’zo bo‘lish jarayoni o‘rtacha 8-10, ba’zi mamlakatlar uchun esa 10- 5 yilni tashkil etadi. O‘zbekiston 1995-yilda ariza topshirgan bo‘lishiga qaramasdan, faqatgina 2017-yildan boshlab, ijobiy siljish kuzatila boshlandi.

Qayd etish lozim, O‘zbekiston 15 yillik tanaffusdan so‘ng 2020-yil JSTga a’zo bo‘lish jarayonini yangidan boshladi.

Konferensiyada bir qator vazirlik vakillari va o‘nga yaqin xorijiy davlatlardan faxriy elchilar ishtirok etishdi. Unda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish orqali kelajakda erisha oladigan potensial iqtisodiy foyda, chet el bozorlariga kirish hamda yangi savdo imkoniyatlari va xalqaro darajada erkin raqobat tizimini o‘z-o‘zidan yaxshilashiga yordam berishi haqida to‘xtalib o‘tildi.

Kichik biznes, yirik sanoat rahbarlari va nodavlat tashkilotlarning ishtiroki orqali JSTga kirishning ijobiy taraflari chuqur tahlil qilinib, O‘zbekiston uchun keng ko‘lamli imkoniyatlar yaratilishi ta’kidlandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring