Kelajak farmatsevtikasi: Yangi texnologiyalarga sarmoya kiritish

2025 yilgi Toshkent Xalqaro Investitsiya Forumi doirasida «Kelajak farmatsevtikasi: Yangi texnologiyalarga sarmoya kiritish» mavzusida panel sessiya bo‘lib o‘tdi. Mazkur sessiyada dunyo farmatsevtika sanoatining ilg‘or mutaxassislari, investorlar va soha rahbarlari ishtirok etib, innovatsion texnologiyalar, genetik muolajalar va RNA asosidagi davolash usullarining istiqbollari muhokama qilindi.
Tadbirni olim, Garvard Tibbiyot maktabi qoshidagi Genetik kasalliklar bo‘yicha Xalqaro markaz asoschisi va ijrochi direktori Alireza Haqiqi olib bordi. U o‘z nuqtida kelajak avlod farmatsevtikasi butun dunyo insoniyat uchun foydali bo‘lishi kerakligini, bu borada hukumatlararo hamda jamiyatlararo hamkorlik nechog‘li muhim ekanligini qayd etdi:
— Biz genom tibbiyoti va aniq tibbiyotni rivojlantirish maqsadida butun dunyo hukumatlari bilan hamkorlik qilishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Ushbu hamkorliklardan ko‘zlangan asosiy maqsad - tibbiyot-farmatsevtika xizmatlari faqatgina yuqori qatlam vakillariga emas, balki barchaga birdek foydalanish uchun ochiq bo‘lishi lozim.
Sessiya davomida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Oybek Elmurodov agentlik tomonidan sohada olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot taqdim etdi:
— Qisqacha ma’lumot berish uchun, Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshida faoliyat yurituvchi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi O‘zbekistonda kuchli farmatsevtika sanoatini yaratish uchun mas’ul hisoblanadi. Shuningdek, biz mahalliy ishlab chiqaruvchilarga GMP, GDP va GLP sertifikatlarini beramiz.
Unimed Pharmaceuticals direktori Che Suik ham forumda nutq so‘zlab, shunday dedi:
— Men O‘zbekiston va MDH mamlakatlarida UniMed vakili Che Suik bo‘laman. Avvalo, O‘zbekiston hukumati va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga ushbu anjumanda ishtirok etish imkoniyatini yaratib bergani uchun minnatdorlik bildirmoqchiman. Shuningdek, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi rahbari Abdulla Azizovga zavodlarimizni qurish va mamlakat farmatsevtika sanoatini rivojlantirishga hissa qo‘shish imkoniyati uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. 1991 yilda tashkil etilgan korxonamiz bugungi kunda Janubiy Koreyaning yetakchi farmatsevtika kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Biz farmatsevtika sohasida doimiy tadqiqot va ishlanmalar olib boramiz, inson salomatligi hamda xavfsizligini ta’minlash uchun eng yaxshi dori-darmonlarni taqdim etamiz.
Sessiyada, shuningdek, O‘zbekiston farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish davlat strategiyasi, hukumatning global miqyosda raqobatbardosh tarmoqni yaratishga sodiqligiga alohida e’tibor qaratildi.
Mutaxassislar yangi avlod dori vositalarini ishlab chiqish, innovatsion tadqiqotlar uchun xalqaro hamkorlik, shuningdek, farmatsevtik startaplar va ilmiy markazlar uchun sarmoyaviy imkoniyatlar haqida o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter