Mamarizo Nurmuratov dollar kursining oshishi va so‘mning qadrsizlanishi haqida
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmuratov dollar kursining oshishi va so‘mning qadrsizlanishiga munosabat bildirdi.
«So‘mning AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi qadrsizlanishi mart oyining dastlabki yarmida tezlashdi. Ushbu holat bir tomondan tashqi geosiyosiy vaziyat ta’sirida eksport tushumlari va transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmining sezilarli qisqarishi (asosan, Rossiya va Qozog‘istondan) ta’sirida ichki valyuta bozorida taklifning qisqarishi bilan tushuntiriladi.
Boshqa tomondan, asosiy savdo hamkorlarda milliy valyuta kursining keskin qadrsizlanishi va devalvatsion kutilmalarning ortib, ichki valyuta bozoridagi talabning vaqtinchalik o‘sishi kuzatilmoqda.
Biz milliy valyuta almashuv kursi bo‘yicha prognozlarni amalga oshirmaymiz va so‘mning AQSh dollariga nisbatan kursi ichki valyuta bozorida ichki va tashqi omillar ta’sirida shakllangan talab va taklif muvozanatiga bog‘liq bo‘ladi.
Markaziy bank almashuv kursining keskin tebranishlarini oldini olish va bozorning barqaror faoliyatini ta’minlash maqsadida joriy yil mart oyining birinchi yarmida «neytrallik tamoyillari» doirasida ichki valyuta bozorida intervensiyalar hajmini oshirdi. Mazkur intervensiyalar o‘tgan yilda valyuta bozoridagi ijobiy sharoitlar natijasida yuzaga kelgan qo‘shimcha zaxiralar hisobidan amalga oshirilmoqda.
Bugungi boshqaruv qarori bilan asosiy stavkaning oshirilishi ham ma’lum ma’noda milliy valyuta kursini barqarorlashtirishga xizmat qiladi», dedi Markaziy banki raisi.
Eslatib o‘tamiz, dollarning rasmiy kursi qisqa muddatda 11 500 so‘mdan oshib ketdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter