Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mikrokreditbank tadbirkorlar uchun katta imkoniyatlar taqdim etmoqda

Mikrokreditbank tadbirkorlar uchun katta imkoniyatlar taqdim etmoqda

O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yana bir muhim qadam qo‘yildi.

Prezidentning 2024 yil 8 apreldagi “Faktoring xizmatlari bozorini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Mikrokreditbank tizimida bir qator innovatsion xizmatlar amaliyotga joriy etildi. Bu haqda Bank Axborot xizmati xabar berdi.

Eng avvalo, tadbirkorlik sub’yektlari uchun maxsus ishlab chiqilgan “Faktoring xizmat ko‘rsatish moduli” haqida to‘xtalib o‘tish joiz. Bu modul 6 oygacha bo‘lgan muddatda, xizmat davomiyligiga qarab 2 foizdan 12 foizgacha diskont stavkasi bilan moliyaviy resurslar taqdim etadi. Mazkur mexanizm ayniqsa pul aylanmasida vaqtincha qiyinchilikka duch kelayotgan korxonalar uchun muhim moliyaviy “ko‘prik” vazifasini o‘tamoqda.

Shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi sub’yektlar ham e’tibordan chetda qolmadi. Eksport va import operatsiyalari uchun chet el valyutasida — AQSh dollari va yevro hisobida — faktoring xizmatlari moduli yo‘lga qo‘yildi. Bu orqali tadbirkorlar 6 oygacha muddatda 1,3 foizdan 7,8 foizgacha diskont bilan moliyaviy yordam olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Alohida ta’kidlash kerakki, “Parranda faktoring” deb nomlangan yangi modul parrandachilik sohasiga ixtisoslashtirilgan. Bu tashabbus Prezidentning 2025 yil 30 yanvardagi PQ-34-son qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. Mazkur modul parranda go‘shti va tuxum yetishtirishda kooperatsiya mexanizmlarini joriy etish, aholi bandligini ta’minlash va qishloq xo‘jaligidagi samaradorlikni oshirishni ko‘zda tutadi. Faktoring xizmatlari esa bu sohada ham 1 foizdan 7 foizgacha diskont bilan taqdim etilmoqda.

Keltirilgan raqamlar mazkur tashabbuslarning amaldagi samarasini yaqqol tasdiqlaydi:

  • 2024 yil davomida tadbirkorlik sub’yektlariga 42,2 milliard so‘m miqdorida moliyaviy xizmatlar ko‘rsatilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatkich 41 milliard so‘mdan oshdi.

Shubhasiz, Mikrokreditbank tomonidan joriy qilingan faktoring xizmatlari modullari kichik va o‘rta biznes subektlari uchun yangi moliyaviy imkoniyatlarni yaratdi. Bu esa tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, eksport salohiyatini oshirish va aholi bandligini ta’minlash borasida muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring