Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Mikrokreditbank» yangi onlayn-iste’mol krediti joriy qiladi

«Mikrokreditbank» yangi onlayn-iste’mol krediti joriy qiladi

Foto: «Xabar.uz»

Bugun, 30-yanvar kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Mikrokreditbank» tomonidan tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Ushbu tadbirni «Mikrokreditbank» ATB boshqaruvi raisi o‘rinbosari Aziz Nizamov ochib, bank tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning tadbirkorlik faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasidagi olib borilayotgan ishlar xususida qisqacha to‘xtalib o‘tdi.

Foto: «Xabar.uz»

Shundan so‘ng, Kredit faoliyatini tashkil qilish departamenti direktori Akmaljon Po‘latov kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishda «Mikrokreditbank» tomonidan o‘tgan yili amalga oshirilgan hamda joriy yilda rejalashtirilgan ishlar yuzasidan, Chakana kreditlash departamenti direktori Abdumajid Safarov esa tadbirkorlikni rivojlantirishda chakana kreditlarning o‘rni bo‘yicha ma’lumotlar berishdi.

Matbuot anjumani doirasida «Mikrokreditbank» 2019-yil davomida prezident tashabbusi bilan aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish yo‘nalishida ishlab chiqilgan dasturlar ijrosida eng faol ishtirokchilardan biri bo‘lgani va 38 305 ta mijozga 906,3 mlrd. so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilgani ta’kidlandi. Shuningdek, o‘tgan davrda 122 ta quyonchilikka ixtisoslashtirilgan xo‘jaliklar tashkil qilinib, quyonchilik sohasini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun jami 1 316 ta mijozga 62,4 mlrd. so‘m, miqdorda kreditlar ajratilgani alohida qayd etildi.

Foto: «Xabar.uz»

Bugunga kelib respublikamizning barcha mintaqalarida bankning 71 ta filiali, 25 ta bank xizmatlari markazi va 55 ta mini-banklari tomonidan 500 mingdan ortiq aholi hamda tadbirkorlik sub’yektlariga bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyati ta’minlanmoqda.

– 2020-yilda Prezidentimiz tomonidan bank tizimi oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarish orqali mijozlarga yanada qulayliklar yaratish va turmush tarzini yaxshilash maqsadida tizimda axborot texnologiyalarini qo‘llash orqali qo‘shimcha bank xizmatlari hamda modulli kreditlash asosida yangi kredit turlarini faol joriy qilish rejalashtirilgan, – dedi «Mikrokreditbank» ATB Chakana kreditlash departamenti direktori o‘rinbosari Bobir Rajabov. – Bankning «MKB-mobile» ilovasi orqali doimiy daromadga ega bo‘lgan jismoniy shaxslarga to‘lov qobiliyatidan kelib chiqqan holda skoring tahlili asosida hech qanday hujjatlarsiz bankka kelmasdan elektron tarzda offerta shartnomasi orqali 12 oy muddatga onlayn-iste’mol krediti ajratish joriy qilinadi. Kredit ajratishda avtomatlashtirilgan qaror qabul qilish tizimi tatbiq etiladi. Onlayn kreditlar ajratishda boshqa bank plastik kartochkasi orqali ish haqi olgan fuqarolarga mikroqarz ajratish bo‘yicha ishlar olib boriladi.

Foto: «Xabar.uz»

Matbuot anjumanida «Mikrokreditbank» mas’ul xodimlari bankning istiqboldagi qo‘shimcha reja va maqsadlarini ta’kidlab, jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga javob berishdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring