Moliya vazirligi tamaki mahsulotlari narxi oshishi haqidagi xabarlarga izoh berdi

Yodingizda bo‘lsa, bir necha kun avval O‘zbekistonda tamaki mahsulotlari 50 foizga oshishi haqida xabarlar tarqatilgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu xabarlarga o‘z munosabatini bildirdi.
Bayonotda aytilishicha, 2018-yil uchun o‘rnatilgan aksiz soliq stavkalarining o‘zgarishi hozirgi kunga qadar qayta ko‘rib chiqilmagan va ularning qayta oshirilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosli emas.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining 2018-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari to‘g‘risida»gi PQ-3454-sonli qaroriga asosan 2018-yil 1-yanvardan aksiz markalarining oshirilishi amalga kiritilgan bo‘lib, ular mutlaq summada (har bir birlik uchun so‘mda) belgilangan.
Bundan tashqari, 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi qonun hujjatlariga muvofiq ko‘chmas mulkning belgilanadigan kadastr qiymatidan kelib chiqqan holda hisoblanadi, shu munosabat bilan mol-mulk soliq stavkasi qayta ko‘rib chiqilgan va 0,2 foiz miqdorida belgilangan (2017-yilda bu ko‘rsatkich 1,7 foizni tashkil qilgan).
Moliya vazirligi yuqorida nomi keltirilgan Prezident qaroriga muvofiq, kadastr qiymatidan kelib chiqqan holda mol-mulkni soliqqa tortish tartibiga o‘tishda soliq yukini keskin ortib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, kadastr qiymatidan kelib chiqqan holda aniqlangan jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘i summasi 2017-yilda hisoblangan soliq summasining 1,2 barobaridan oshmasligi qat’iy belgilab qo‘yilganini ma’lum qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter