Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Namanganda dunyoga mashhur brend kiyim-kechaklari ishlab chiqariladi

Namanganda dunyoga mashhur brend kiyim-kechaklari ishlab chiqariladi

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov 7 noyabr kuni Germaniyaning Hugo Boss kompaniyasi vakillarini qabul qildi. Konstantin Soyer hamda Semih Demir viloyat hokimi bilan bo‘lgan uchrashuvda Namangan shahridagi tekstil korxonasi bilan hamkorlikda ushbu brend mahsulotlarini Namanganda tayyorlash bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qildi.

«Hugo Boss kompaniyasi avval Namanganni, Namangan orqali esa O‘zbekistonni tanidi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu yerdagi korxonalar tomonidan tikilgan kostyumlar sifati bizda katta taassurot qoldirdi», — dedi kompaniya vakili Semih Demir.

Xayrullo Bozorov birgina Namangan shahrining o‘zidan 1,5 mingdan ortiq tikuvchilik korxonalari faoliyat olib borayotgani, paxtachilik bugungi kunda 85 foiz klasterlarga o‘tkazilgani, kelgusi yildan bu ko‘rsatkich 100 foizga yetishinini ta’kidladi. Hozirgi kunga qadar asosiy eksport MDH mamlakatlari bozoriga yo‘naltirilganini aytib o‘tgan viloyat hokimi so‘nggi yillarda yangi bozorlar ham kashf etilayotganini, «Chust tekstil» korxonasi Portugaliya va AQShga, «Iftixor kiyim sanoat» esa Germaniya bozoriga kirib borganini ma’lum qildi.

— Hugo Boss kabi mashhur brendlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishimiz Namangan tekstil sanoatini yangi bosqichga olib chiqadi. Hozirda charm-teri mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘nalishida ham xorijning taniqli brendlari bilan aloqalar o‘rnatilmoqda, — dedi Xayrullo Bozorov.

Kompaniya vakillari bugungi kunda Namangandagi «Lyuks plyus servis» (Vakkoni brendi) MChJ bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, biroq bo‘lajak ishlab chiqarish uchun qo‘shimcha yer maydoni masalasida ko‘mak kerakligini bildirdi. Viloyat hokimi bu masala albatta yechim topishini ta’kidladi.

Uchrashuvda Namangan shahar hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov, «Lyuks plyus servis» MChJ direktor maslahatchisi Ne’matjon Fathiddinov ishtirok etdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring