Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda Germaniya iqtisodiyoti kuni: hamkorlikda ko‘p milliardlik loyihalar amalga oshirilmoqda

O‘zbekistonda Germaniya iqtisodiyoti kuni: hamkorlikda ko‘p milliardlik loyihalar amalga oshirilmoqda

So‘nggi ikki yil ichida O‘zbekistonga kiritilgan Germaniya investitsiyalarining umumiy hajmi qariyb 2 milliard yevroni tashkil etdi. Ayni paytda olmon hamkorlar bilan birgalikda qiymati 10 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 100 dan ortiq qo‘shma loyiha amalga oshirilmoqda.

Bu haqda Toshkentda 14 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan Germaniya iqtisodiyoti kuni tadbirida ma’lumot berildi.

Ushbu muhim hodisa munosabati bilan Germaniya savdo-sanoat palatasi tashqi savdo bo‘yicha bosh ijrochi direktori Folker Trayer boshchiligidagi delegatsiya yurtimizga keldi.

O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi xabariga ko‘ra, Germaniya iqtisodiyoti kuni doirasida ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga doir bir qator tadbirlar tashkil etildi.

Ikki tomonlama hamkorlik masalalari va istiqbolli loyihalar muhokama qilingan davra suhbatida O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari Badriddin Obidov, O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Jamshid O‘roqov, Germaniya savdo-sanoat palatasi tashqi savdo bo‘yicha bosh ijrochi direktori Folker Trayer, Iqtisodiyot va iqlimni muhofaza qilish federal vazirligi boshqarma boshlig‘i Herlind Hekman, O‘zbekiston Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori Murod Mirzayev va Germaniyaning yurtimizdagi elchisi Tilo Klinner ma’ruza qilgan.

Spikerlar Germaniya O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi strategik hamkori ekanini ta’kidlab, yangi istiqbolli tashabbuslarni ilgari surish orqali hamkorlik samaradorligini oshirish zarurligiga e’tibor qaratdilar.

Germaniya iqtisodiyoti kuni doirasida o‘tkazilgan konferensiyada esa ikki davlat biznes hamjamiyatining 300 dan ziyod vakili jam bo‘ldi.

Ma’lumotlarga qaraganda, so‘nggi 6 yil ichida O‘zbekistonda Germaniya kapitali ishtirokida tashkil etilgan korxonalar soni qariyb 3 barobar o‘sdi va bugungi kunda bu ko‘rsatkich 200 taga etdi. Joriy yilning 6 oyi davomida 17 ta qo‘shma korxona ishga tushirildi.

Joriy yil yanvar oyida Germaniya O‘zbekistonga import borasida Rossiya va Xitoydan ham o‘zib ketdi.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil mart oyida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi Germaniyaga tashrif buyurgan edi. Tashrif doirasida O‘zbekiston iqtisodiyoti kuni o‘tkazilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev may oyida Germaniyaga safari davomida ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalari, moliyaviy institutlari rahbarlari va yirik tadbirkorlari bilan uchrashgan edi. Uchrashuvda olmon kompaniyalari rahbarlari aniq takliflarni aytgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring