Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonga olib kirish va olib chiqish taqiqlangan tovarlar ro‘yxatini ochiq ko‘rish mumkin bo‘ladi

O‘zbekistonga olib kirish va olib chiqish taqiqlangan tovarlar ro‘yxatini ochiq ko‘rish mumkin bo‘ladi

Bojxona kodeksining 20-moddasiga muvofiq Bojxona organlari bojxona chegarasi orqali o‘tkazish punktlari to‘g‘risida, belgilangan taqiqlar va cheklovlar, shuningdek bojxona organlarining ish vaqti haqida hammabop shaklda axborot taqdim etishi shart. 24-moddasida esa milliy qonunchilik va xalqaro shartnomalariga muvofiq ayrim tovarlarni va (yoki) transport vositalarini O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish hamda ushbu hududdan olib chiqish taqiqlanishi belgilangan.

Bugungi kunda 22 tadan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar bilan jami 5300 dan ortiq turdagi (TIF TN kodi bo‘yicha) tovarlarning respublika hududiga olib kirilishi, undan olib chiqilishi hamda tranzit tartibida o‘tishiga taqiq va cheklovlar (ruxsatnoma) o‘rnatilgan.

Biroq, taqiq va cheklovlar qo‘yilgan tovarlarning real vaqt rejimida yagona elektron ochiq reyestri shakllantirilmagan.

Natijada, tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subektlari tomonidan taqiqlangan tovarlar to‘g‘risida ishonchli ma’lumotlar olishda muammolar yuzaga kelmoqda.

Shu ma’noda, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi O‘zbekiston hududiga olib kiriladigan, olib chiqiladigan va tranzit tartibda o‘tuvchi tovarlarga qo‘yilgan taqiq va cheklovlarning yagona elektron ochiq reyestrini joriy etishga doir Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqdi.

Unga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan «Integratsiyalashgan tarif» interaktiv xizmati bazasida O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan, olib chiqiladigan va tranzit tartibda o‘tuvchi tovarlarga qo‘yilgan taqiq va cheklovlarni o‘z ichiga olgan Yagona elektron ochiq reyestr axborot xizmati yuritiladi.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 16-oktyabrdagi 829-son qarori bilan «Integratsiyalashgan tarif» interaktiv xizmatining axborotini o‘z vaqtida yangilab borish va uning uzluksiz ishlashini ta’minlash bo‘yicha texnologik yo‘riqnoma tasdiqlangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring