Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbekneftgaz»: Boshqaruv raisi tabiiy gaz qazib chiqarish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rganish maqsadida Ustyurtda bo‘ldi (foto)

«O‘zbekneftgaz»: Boshqaruv raisi tabiiy gaz qazib chiqarish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rganish maqsadida Ustyurtda bo‘ldi (foto)

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi «Ishchi guruh» a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi tizim tashkilotlari faoliyati hamda belgilangan rejalarning bajarilishi holatini o‘rganmoqda.

«O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasining aholisi va iqtisodiyot tarmoqlarining neft va gaz mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirishni ta’minlash maqsadida, uglevodorod xomashyosini qazib chiqarishni oshirish borasida bir qator qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, tabiiy gaz qazib chiqarish maqsadida yangi kon va yangi quduqlar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Boshqaruv raisi «Quyi Sharqiy Berdaq» 2-sonli qudug‘ida bo‘lib, burg‘ilash ishlarining amalga oshirilishi bilan tanishib chiqdi.

Avvalo burg‘ilash jarayonida ishtirok etayotgan barcha ishchi-xodimlarga yetarli sharoit yaratilganligi hamda ularning kuz fasliga mo‘ljallangan maxsus kiyimlar bilan, yotoqxona bilan to‘la ta’minlanganlik holatini o‘rgandi.

Bu borada Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi rahbari Olim Orinbayevga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, «Quyi Surgil» konidagi 6-, 11-, 21-, 22-sonli quduqlarda ham bo‘lib, burg‘ilash ishlari hamda tabiiy gaz qazib chiqarilishi bilan yaqindan tanishib chiqildi.

«Quyi Surgil» konidagi 11-sonli quduqda olib borilayotgan ishlar bilan tanishish jarayonida tushlik bo‘lib qolganligi sababli, ishchi-xodimlar Boshqaruv raisini tushlikka taklif qilishdi. Yaratilgan sharoitlarni yanada yaqinroq o‘rganish maqsadida ularning taklifi qabul qilinib, «Ishchi guruh» a’zolari bilan birgalikda ko‘chma oshxonada ovqatlanishdi.

Boshqaruv raisi bu jarayonda ham avvalo ishchi-xodimlarning ovqatlanish sharoitlarini o‘rganib, ularga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va me’yori hamda ularning saqlanishi bo‘yicha o‘rganish o‘tkazdi.

O‘z navbatida, «Quyi Surgil» konida sanoat miqyosida o‘zlashtirish ishlari jadal davom ettirilib, ushbu regiondagi boshqa bir qator konlarning ham qo‘shimcha, yangi istiqbollarini ochish belgilab olindi.

Boshqaruv raisi shu kunning o‘zida «Sursuar» konidagi 2-sonli quduq faoliyati va bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib chiqdi.

Ushbu konlar va quduqlarning «O‘zbekneftgaz» AJ bo‘yicha tabiiy gaz qazib chiqarishni ta’minlash borasida alohida ahamiyatga ega ekanligi qayd etilib, ulardagi burg‘ilash ishlarining har bir jarayonlarini oldindan puxta tayyorgarlik ko‘rgan holda, mukammal bajarish lozimligi va bu ishlarga barcha zarur resurslarni jalb etish zarurligi ta’kidlandi.

Tashrif davomida «2017–2021 yillarda uglevodorodlar qazib chiqarishni oshirish Dasturi» bo‘yicha Bosh Pudratchi hisoblangan «ERIELL Oilfield Services Middle East DMCC» kompaniyasining mutaxassislari bilan quduqlarni burg‘ilashni kommersiya tezligini oshirish bo‘yicha o‘zaro fikrlar almashildi.

Dastur doirasida Bosh pudratchi tomonidan burg‘ilanayotgan «Quyi Surgil–21», «Sharqiy Berdaq-56NN» va «Sharqiy Berdaq-65NN» quduqlarini joriy yilning oktyabr oyida ishlab chiqarishga topshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

O‘rganish ishlari davomida, Ustyurt regionida joriy yil yakuniga qadar amalga oshiriladigan geologiya-qidiruv ishlarining barcha tadbirlarini tanqidiy jihatdan qayta ko‘rib chiqish, ularni maqsadli qayta rejalashtirish hamda ortiqcha sarf-xarajatlarni kamaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Geologiya-qidiruv ishlarina amalga oshirish doirasida Ustyurt regionidagi maydonlar va ob’yeklarning yangi istiqbollarini aniqlash, ularning hududidagi chuqur qatlamlarni o‘rganish, barcha ma’lumotlarni kompleks tahlil qilish bo‘yicha tahlillarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Ustyurda bajarilayotgan ishlar o‘z samarasini bera boshladi va biz raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2021 yilning yanvar-iyul oylari davomida boshqarmada 2,1 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib chiqarilishiga erishildi, reja ko‘rsatkichi ortig‘i bilan, ya’ni 105,8 foizga bajarildi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 113,1 foizni tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil yakuniga qadar 68 ta geologo-texnik tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan (16 ta gaz quduqlarini burg‘ilishdan ishga tushirish, 50 ta gaz quduqlarida kapital ta’mirlash va intensifikatsiya ishlari olib borish va texnologiya yo‘nalishida 2 ta ob’yektlarni ishga tushirish). Belgilan vazifalarning bajarilishi 956,4 mln kub metr tabiiy gaz qazib chiqarishga zamin yaratadi.

«O‘zbekneftgaz» AJ matbuot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring