Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oziq-ovqat masalasida ehtiyotsizlik oqibatlari ayanchli bo‘ladi

Oziq-ovqat masalasida ehtiyotsizlik oqibatlari ayanchli bo‘ladi

Foto: «Xabar.uz»

Ijtimoiy tarmoqlarda hukumatni barcha turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga import bojlari va aksiz soliqlarini butunlay bekor qilishga chaqiruvlar kuzatilmoqda. Ularning fikricha, bu jarayon oziq-ovqat taqchilligining oldini olib, narxlar oshishini cheklashi mumkin.

Bu fikrlarga qo‘shilishda biroz ehtiyotkor bo‘lish lozim. Bunday qarorlar zamirida 35 millionlik aholi taqdiri hal qilinadi. Dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi degan omillar ham bor.

To‘g‘ri, barcha turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga import bojlari va aksiz soliqlarini butunlay bekor qilish mahsulotlar tannarxini ma’lum muddatga tushirishi va yana ma’lum muddat saqlab turishi mumkin. Ammo bunday tadbir bilan kelajakka javob berib bo‘lmaydi. Arzonchilik haqida so‘z yuritib, xalq ko‘nglidan joy olish yoqimli bo‘lishi mumkin. Biroq kelajakni ham o‘ylashimiz darkor.

Oziq-ovqat mahsulotlariga import bojlari va aksiz soliqlari butunlay bekor qilindi ham deylik. Keyingi ssenariy nima bo‘lishi aniq: oziq-ovqat importi ma’lum bir shaxslar tomonidan monopollashtirib olinishi O‘zbekistonga xos bo‘lgan jarayon. Shuni unutmasligimiz kerakki, muqobili yo‘q har bir mahsulot importi monopolist amaldorlar ixtiyorida qoladi.

Misol uchun: birgina shakar bo‘yicha 2018 va 2020-yilda sodir bo‘lgan voqealarni yodga olaylik.

2018-yilda O‘zbekistonda shakar ta’minoti importyorlar qo‘liga o‘tganidan keyin uning narxlari misli ko‘rilmagan darajada ko‘tarilib ketdi. Undan so‘ng 2020-yildagi karantin vaqtida ham O‘zbekistonda shakar muammosi paydo bo‘ldi. Yuqoridagi ikkita holat importyorlar tomonidan O‘zbekistondagi mavjud ikkita shakar zavodlari faoliyati sun’iy ravishda sindirilgandan so‘ng sodir etildi. Muammoning tag zamiriga qaraydigan bo‘lsak, 2020-yil boshidan 31 dekabrga qadar shakar importiga 20 foizlik boj hamda 20 foizlik aksiz solig‘i xuddi shu yilning 3 aprelidagi qarorga muvofiq, bekor qilingan edi.

Joriy yildagi shakar muammosi ham tashqi ta’sirlar oqibatida vujudga kelganini aytib o‘tish kerak. Ya’ni, Rossiya va Ukraina urushi bir maromida ketayotgan logistikani izdan chiqarib yubordi. Hukumatimiz shakar xom ashyosini olib kelishning muqobil yo‘llarini topib, kelishuvlar o‘tkazguncha shakar vasvasasi o‘z kuchini ko‘rsatib bo‘lgan edi.

Oziq-ovqat masalasida import mahsulotlariga tobe bo‘lishning keyingi oqibatlari ayanchli bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, bugungi kundagi qaltis geosiyosiy vaziyatlarda proteksionizm juda zarur. O‘zimizdagi ishlab-chiqarishlarni nazorat qilish mumkin. Ammo tashqaridan kelayotgan oziq-ovqatlar nazoratni qo‘lga olish amrimaholdir.

Oziq-ovqatlar importiga imtiyozlar berish – mahalliy ishlab chiqaruvchilarimizni murakkab ahvolga soladi. Natijada esa qanchadan-qancha odamlar ishsiz qolib, undan-da ko‘p aholi boquvchisiz qolishi aniq. Ishsiz qolganlar esa chet elarga borib bizga mahsulotlarini import qilayotgan korxonalardan ish topishi ham mumkin.

2020 yildagi og‘ir vaziyatda Markaziy Osiyo davlatlari mavjud shakar zavodlarini bankrotlikdan saqlab qola olmadi. (Birgina Qozog‘iston oxirgi damlarda vaziyatni o‘nglashga ulgurdi). Natijada esa qo‘shnilarimiz shakar muammosi bilan yashashga majbur bo‘lishmoqda. Aniqirog‘i, dunyodagi har qanday siyosiy o‘zgarishlar qo‘shnilarimiz oziq-ovqat xavfsizligiga ta’sirni ko‘rsatyapti.  

Bugungi kunda, hattoki rivojlangan davlatlar ham oziq-ovqat zaxirasining tashvishi bilan yashamoqda.

Shu bois, Prezidentimiz oziq-ovqat masalasida mas’ul mutasaddilarga tez-tez ko‘rsatmalar berib turishi, zarur hollarda maxsus qarorlar ham chiqarishi bejizga emas. Chunki oziq-ovqat masalasiga panja ortidan qarab bo‘lmaydi. Bunda millionlab xalqimiz faravonligining kafolati turibdi.

Shuni ham hisobga olishimiz lozimki, import mahsulotlar tekinga kelmaydi, hattoki, so‘mga sotilmaydi, o‘zgalar faqat va faqat valyutaga sotishini ham unutmasligimiz darkor.

Shu jihatlarini inobatga olib, mahalliy ishlab chiqaruvchilarimizni ham o‘ylashimiz kerak. Chunki ular begona emas. Ular – o‘zimiz.

Sherali Otaboyev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring