«O‘zmilliybank» AJ va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Joriy yilning 18 fevral sanasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyuldagi «Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3151-sonli Qarori ijrosini ta’minlash hamda ta’lim, fan va ishlab chiqarishning innovatsion hamkorligini amalga oshirish asosida innovatsion-korporativ hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida «O‘zmilliybank» aksiyadorlik jamiyati va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
«O‘zmilliybank» aksiyadorlik jamiyati hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasidagi hamkorlikdan oliy ta’lim va ishlab chiqarishning o‘zaro integratsiyasini ta’minlash, talabalarning ijodiy va intellektual salohiyatini amalga oshirish uchun zaruriy shart-sharoitlar yaratish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda oliy ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi innovatsion hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, bank tizimining rivojlanish tendensiyalarini o‘rganish bo‘yicha qo‘shma loyihalar yaratish va ularni amalga oshirish hamda natijalarini innovatsion asosda bank tizimi amaliyotiga tatbiq etish, Universitetning kafedralari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan holda bakalavriat va magistraturada tahsil olayotgan talabalarning ishlab chiqarish va malakaviy amaliyotlarini tashkil etish, «O‘zmilliybank» aksiyadorlik jamiyatining kelgusi istiqboldagi faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha dolzarb muammoli mavzular ro‘yxatini shakllantirish va ushbu mavzular bo‘yicha hamkorlikda tadqiqot olib borish, dolzarb muammoli mavzular bo‘yicha ilmiy ishlar tayyorlash va nashr etish, o‘zaro forumlar, seminar va konferensiyalar tashkil etish, dolzarb mavzular bo‘yicha «davra suhbatlariga» tomonlar vakillarining tashriflari, Universitetning bakalavriat va magistratura ta’lim bosqichida tahsil olayotgan talaba, tinglovchilarning ishlab chiqarish va malakaviy amaliyotlarini «O‘zmilliybank» aksiyadorlik jamiyatida samarali tashkil etish, malakali kadrlar tayyorlash maqsadida «O‘zmilliybank» aksiyadorlik jamiyatining yetakchi xodimlarini o‘quv jarayoniga jalb etish kabi maqsadlar qo‘yildi.
Tadbir davomida ta’kidlanganidek, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti «Buxgalteriya hisobi» kafedrasi qoshida «O‘zmilliybank» aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, Universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan bildirilgan, Mazkur markazda tahsil olgan talaba-yoshlarga «O‘zmilliybank» aksiyadorlik jamiyati tomonidan maxsus sertifikat taqdim etilishi, sertifikatga ega bo‘lgan markaz bitiruvchilarining kelgusida «O‘zmilliybank» aksiyadorlik jamiyati tizimida ish bilan ta’minlanish imkoniyatiga ega bo‘lishi taklifi Bank rahbariyati tomonidan ma’qullandi va qo‘llab-quvvatlandi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan bildirilgan yana bir uch tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ya’ni «O‘zmilliybank» aksiyadorlik jamiyati orqali korxonalarga kirib borish, ulardagi mavjud muammolarni yosh va iqtidorli talabalar tomonidan innovatsion yechimlar yordamida bartaraf etish taklifiga javoban, Bank rahbariyati nafaqat uch tomonlama hamkorlikni ta’minlash, balki Bankning investitsion ishtiroki mavjud bo‘lgan yirik loyihalarda ham iqtidorli va kreativ fikrlovchi talaba yoshlar hamkorligini ta’minlash taklifi ilgari surildi, zero, mamlakatimizda «Yangi O‘zbekiston» ni barpo etishdek ulug‘ maqsadga erishish yo‘lida asosiy tayanchimiz bo‘lgan azmu shijoatli yoshlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularga barcha sohalarda o‘z iqtidori va salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter