Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zmilliybank» «Moliyaviy savodxon mahalla» loyihasida faol ishtirok etmoqda (video)

«O‘zmilliybank» «Moliyaviy savodxon mahalla» loyihasida faol ishtirok etmoqda (video)

Aholining moliyaviy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, jamg‘arish madaniyatini shakllantirish hamda bank xizmatlaridan samarali foydalanishni rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan «Moliyaviy savodxon mahalla» loyihasida «O‘zmilliybank» AJ ham faol ishtirok etmoqda.

Joriy yil aprel oyidan buyon «O‘zmilliybank» tomonidan tashabbus doirasida turli tadbir va treninglar tashkil etildi.

Toshkent shahrining turli tumanlaridan mazkur bankka biriktirilgan 14 ta kutubxonada 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar va ularning ota-onalarini jalb qilgan holda moliyaviy savodxonlikni oshirishga qaratilgan mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.

Avgust oyi davomida Yashnobod tumanida joylashgan Bobur, Chilonzor tumanining Bo‘rijar, Olmazor tumanidagi Paxta mahallalaridagi kutubxonalarda tashkil etilgan mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar pulning kelib chiqish tarixi, ilk va zamonaviy banknotalar, ularning xavfsizlik elementlari va banknotalar qanday materiallardan tayyorlanishi haqida nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘ldi.

Darslar jarayonida bolalar katta qiziqish va faollik bilan qatnashdi. Ular O‘zbekiston uchun o‘z tasavvurlaridagi yangi banknotalarni jamoa bo‘lib chizish orqali kreativ g‘oyalarini namoyish etdi. Shuningdek, ishtirokchilar turli davlatlar banknotalarini ko‘rib, ularning o‘ziga xos dizayn va elementlari haqida qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Mashg‘ulotlarda faol qatnashgan bolalar va ularning ota-onalariga bank tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi. Loyiha doirasidagi treninglar avgust oyi oxiriga qadar davom etadi.

«O‘zmilliybank» AJ hamkorligida amalga oshirilayotgan bu kabi tashabbuslar kelajakda mas’uliyatli, moliyaviy jihatdan savodxon avlodni tarbiyalashga muhim ahamiyat kasb etadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring