Prezident farmoni bilan tadbirkorlarga katta imkoniyatlar berilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2022-yil 21-dekabr kuni «Tadbirkorlik subyektlarining eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.
Mazkur Farmon bilan eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashning quyidagi qo‘shimcha choralarini joriy etish nazarda tutilmoqda:
- Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan eksportoldi moliyalashtirish uchun ajratiladigan resurslardan berilgan kreditlarni o‘z vaqtida so‘ndirib kelayotgan tadbirkorlik subyektlariga amaldagi kreditning so‘ndirilgan qismiga mutanosib ravishda qo‘shimcha kreditlar ajratish imkoniyati yaratilmoqda.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan ajratiladigan moliyaviy resurslar hisobidan berilgan kreditni to‘liq so‘ndirmagan eksport qiluvchiga moliyaviy resurslar ajratilmasligi belgilangan.
2022-yilda Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan eksportoldi moliyalashtirish uchun respublika miqyosida 234 ta eksportchi korxonaga 147 mln dollar miqdorida kreditlar ajratilgan bo‘lib, ular tomonidan 444 mln dollarlik mahsulotlar eksport qilingan.
- 2024-yil 1-yanvarga qadar Yevropa, Turkiya, Misr va Marokashga gazlama va trikotaj mato mahsulotlarini eksport qilishda transport xarajatlarining 70 foizgacha miqdorida kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etish belgilanmoqda.
2022-yil yanvar-noyabr oylarida 133 mln dollarlik, shundan Yevropa davlatlariga 20 mln dollar, Turkiyaga 3 mln dollarlik gazlama eksport qilingan.
Shuningdek, 2022-yil yanvar–noyabr oylar mobaynida O‘zbekistondan jami 46 ming tonna (260 mln dollar) trikotaj mato eksport qilingan bo‘lib, shundan Yevropa davlatlariga 4,7 ming tonna (30 mln dollar)si to‘g‘ri keladi.
Ushbu davlatlar bozorlarining 5 foizini egallash uchun zarur choralar ko‘rilgan taqdirda, mahalliy korxonalar tomonidan 900 mln dollarlik gazlama va matolarni eksport qilish imkoniyatlari yaratiladi.
- paxta, kungaboqar, makkajo‘xori va soya yog‘idan tashqari, barcha o‘simlik yog‘larini eksport qilishga ruxsat berilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-maydagi «Iste’mol bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlashga va monopoliyaga qarshi choralarning ta’sirchanligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 145-son Farmoniga asosan o‘simlik yog‘i eksporti vaqtinchalik taqiqlangan.
Xovos tymanida «RS SUCCESS AGRO» MChJ QK tomonidan 182 mln yevro investitsiya kiritish orqali 1,6 ming gektar qayta foydalanishga topshirildi, 1,3 ming gektarda tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilindi hamda 120 ming tonna kannabis xom ashyosini qayta ishlovchi majmua barpo etildi. Investitsiya shartnomasiga muvofiq, ishlab chiqarilgan mahsulotlarning 50 foizi eksport qilinishi lozim.
Ushbu turdagi o‘simlik yog‘lari respublikada noan’anaviy yog‘ mahsuloti hisoblanishi, ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari turiga kirmasligini hamda ushbu mahsulotning eksport qilinishi ichki bozordagi yog‘ mahsulotlari narxiga ta’sir qilmasligini inobatga olgan holda paxta, kungaboqar, makkajo‘xori va soya yog‘idan tashqari, barcha o‘simlik yog‘lari eksportiga ruxsat berilmoqda.
Mazkur farmonning imzolanishi eksportchilarimizning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlarga qo‘shimcha kreditlar ajratish orqali yangi imkoniyatlar yaratilishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter