Qaysi viloyatlarda naqd pul bilan ko‘proq muomala qilinadi?

Markaziy bank joriy yilning iyun oyida O‘zbekiston aholisi o‘rtasida naqd pul muomalasining tashkil etilishi, naqd puldagi hisob-kitoblar yuzasidan elektron so‘rovnoma o‘tkazdi (14 259 ta respondent ishtirok etgan) va natijalarini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, aholi orasida kundalik to‘lovlarni asosan (odatda) naqd pul shaklida amalga oshiruvchilar 15 foizni, bank kartasi orqali amalga oshiruvchilar 33 foizni va ikkala shaklda amalga oshiruvchilar 52 foizni tashkil etdi.
Natijalar kundalik xaridlarini asosan naqd shaklda amalga oshirayotgan aholi ulushi Andijon, Jizzax, Namangan, Navoiy, Samarqand viloyatlarida yuqori ekanligini ko‘rsatdi.
Aholining naqd pul shaklidagi bir martalik xaridlari miqdori 100 ming so‘mdan – 500 ming so‘mgacha 47 foizni, 100 ming so‘mgacha 35 foizni, 500 ming so‘mdan – 1 mln so‘mgacha 12 foizni va 1 mln so‘mdan yuqorisi 6 foizni tashkil qildi.
Tovarlar (xizmatlar) xaridini naqd pul shaklida amalga oshirish sababi bo‘yicha respondentlarning 56 foizi xaridlarni asosan dehqon bozorlarda amalga oshirishlarini, 17 foizi tez, xavfsiz va nazorat qilish qulay ekanligini, 13 foizi naqd pulda tovarlar (xizmatlar) arzonroq ekanligini, 7 foizi to‘lov uchun naqd pul talab qilinishini hamda yana 7 foizi to‘lov terminali yo‘qligini va ishlamasligini ko‘rsatgan.
To‘lovlar uchun naqd pul talab qilish holatlari bo‘yicha Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan bo‘lsa, to‘lov terminali yo‘qligi yoki ishlamasligi holatlari Toshkent shahrida ko‘p kuzatilayotganligini ko‘rish mumkin.
Bank kartalaridan naqd pul yechib olish holati o‘rganilganda bir oyda o‘rtacha 1-2 marotaba yechib oladiganlar 42 foizni, 3-4 marotaba yechadiganlar 35 foizni hamda 5 marotaba va undan ko‘p yechadiganlar 23 foizni tashkil etmoqda.
Aholi jamg‘armalarini 23 foizini o‘zlarida naqd pul shaklida va shuncha qismi bank kartalarida, shuningdek 20 foizi banklardagi omonat hisobvaraqlarda saqlashlarini bildirishgan bo‘lsa, 34 foizi jamg‘armalari mavjud emas ekanliklarini ma’lum qilishgan.
Manba: cbu.uz
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter