Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qora xalqning cho‘ntagiga qo‘l tiqishga urinish adolatsizlikdan boshqa narsa emas

Qora xalqning cho‘ntagiga qo‘l tiqishga urinish adolatsizlikdan boshqa narsa emas

Markaziy bank va Soliq qo‘mitasi shubhali p2p o‘tkazmalari (kartadan kartaga o‘tkazmalar) bo‘yicha ma’lumotlar almashinuvini boshlashi mumkin. Bu haqda «Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida»gi prezident qarori loyihasida so‘z yuritiladi, deb xabar berdi «Gazeta.uz».

Hujjatga ko‘ra, jismoniy shaxslarning tovarlar va xizmatlar uchun kartadan kartaga to‘lovlarini «tartibga solish» maqsadida Markaziy bank va Soliq qo‘mitasiga ikki oy muddatda agar ma’lum chegaradan oshib ketsa, shu turdagi operatsiyalar bo‘yicha o‘zaro ma’lumot almashish to‘g‘risida memorandum imzolash taklif qilinmoqda.

Jismoniy shaxslar uchun limit yiliga 100 million so‘m, tadbirkorlar uchun esa yiliga 500 million so‘m qilib belgilanishi mumkin.

Xavfsiz kanallar orqali o‘zaro ma’lumotlar bazalari bilan integratsiyalashgan tizimni 10 iyulgacha yaratish rejalashtirilgan. U ma’lumotni qayta ishlashi va xavflarni aniqlashi kerak.

Soliq qo‘mitasining yana p2p o‘tkazmalari bo‘yicha ma’lumotlarga kirish imkoniyatini xohlayotganiga bloger va iqtisodchilar keskin munosabat bildirishdi.

«Hukumat tomonidan ishlab chiqilgan yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish choralari (hozircha loyiha ko‘rinishida) ijobiy takliflar bilan bir qatorda, bahstalab, Soliq qo‘mitasiga yana mutlaq va nazoratsiz vakolatlarni taqdim etish xavfini oshirgan. Eng yomoni, ushbu idora imkon bo‘ldiki, o‘ziga qo‘shimcha vakolat va instrument olishga intilyapti. Ertaga kech bo‘ladi, bugun o‘ylash kerak.

Bitta narsani unutmaslik kerakki, hozirgi budjet taqchilligini yuzaga keltirganlar odamlar, kichik va o‘rta tadbirkorlar emas, balki hisobdorligini unutgan hukumatning palapartish sarf-xarajati, monopoliya, yirik biznes olayotgan imtiyozu subsidiyalar oqibatidir (mabodo muammo shunda bo‘lsa). Shuning uchun ham ikki oyoq bir etikka tiqilgan payt qora xalqning cho‘ntagiga qo‘l tiqishga urinish adolatsizlikdan boshqa narsa emas.

Jismoniy shaxslar o‘rtasida P2P pul o‘tkazmalari ustidan nazorat o‘rnatishga urinish yana kun tartibiga chiqayotgani xavotirlidir. Vaholanki, xuddi shunday urinish o‘tgan yili yangi Konstitutsiyaning «41, 65–67-moddalari talablaridan kelib chiqib, shuningdek, mulkiy huquqlarning ishonchli himoyasini ta’minlash, ushbu huquqlarni cheklayotgan omillarni bartaraf etish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida» bekor qilingan edi. Ëki Prezident tadbirkorlar bilan uchrashuvda «Tax Gap» degan baloni bekor qilgan holatni eslashning o‘zi kifoya.

Hukumat tayyorlagan yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish dasturida ham yana shunday kazuslarni yaratadigan choralar ilgari surilyaptiki, ertaga tadbirkorlarni, oddiy odamlarni qiynashga zamin yaratilishi mumkin. Nazoratsiz, tadbirkorni, oddiy odamlarni «yamlab yutishga» tayyor turgan kontoraga qo‘shimcha vakolat berib, afsuslanib yurgandan ko‘ra hoziroq yetti marta o‘ylab, bir marta kesgan yaxshi. Energetika va kommunal xizmatlar narxlari oshib, shundoq ham stressda turgan tadbirkorlarni, odamlarni, qo‘pol o‘xshatish bo‘lsa ham, qatag‘on qilish noto‘g‘ri qadam va noto‘g‘ri signaldir. O‘z qo‘limiz bilan muammo yaratmaylik», deb yozadi Davletovuz kanali.

Iqtisodchi Otabek Bakirov esa qaror ishlashi uchun uni jamiyat qabul qilishi kerak, deb hisoblaydi.

«Keling, bir boshdan qayta eslaylik:

Jismoniy shaxslarning barcha bank kartalariga kelib tushgan pul mablag‘lari aylanmasi 30 mln.so‘mdan (shu jumladan, chet el valyutasi milliy valyuta ekvilentida bo‘lgan taqdirda) va transaksiyalar soni 10 tadan oshgan P2P operatsiyalari to‘g‘risidagi axborotlarni soliq idoralariga taqdim etish loyihasiga Senat va Savdo sanoat palatasi qarshi bo‘lgani, Uzcard esa qoralab chiqqani yodingizdami?

Markaziy bank p2p o‘tkazmalari uchun elektron hisobvaraqalari joriy etilishiga qarshi bo‘lgani () esingizdan chiqmadimi?

P2P o‘tkazmalar haqidagi axborotlar soliq organlariga berilishi Yangi Konstitutsiyaga zid va noqonuniy ekanligi esingizdami?

Yangi Konstitutsiya qabul qilingach, e’lon qilingan ilk farmonda P2P o‘tkazmalar haqidagi axborotlar soliq organlariga berilishi talabi bekor qilingani bekorgamasdir?

Nimaga unda Soliq qo‘mitasi P2P operatsiyalarini o‘z nazoratiga olishga qayta va qayta urinaveradi? Bu nechanchi urinish? Uchinchimi yo to‘rtinchi?

Nega ildiz otgan sabablar bilan emas, oqibat bilan kurashishga urinishlar to‘xtamayapti?

Soliqchilar istayotgan «Tovar va xizmatlar uchun to‘lovlar jismoniy shaxslarning plastik kartalari (R2R) orqali amalga oshirilishini tartibga solish maqsadida R2R operatsiyalarida muayyan chegaradan oshgan tranzaksiyalar bo‘yicha o‘zaro ma’lumot almashinuvi talabini» Markaziy bank qabul qiladimi? Markaziy bank bir yil, uch yil, to‘rt yil avval o‘zi rad etgan va qoralagan qadamga boradimi? Nega Konstitutsiya, qonunlar va o‘z reputatsiyasini buzib bunga borishi kerak?

Va nega soliqchilarning 4 yildan buyon takror va takror urinishlarini jamiyat qabul qilmayapti?», degan savollarni qo‘ymoqda iqtisodchi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring