Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiyaga 26 mln dona futbolka, tez ko‘payadigan «Italiya quyonlari» — Sirdaryoga press-tur (video)

Rossiyaga 26 mln dona futbolka, tez ko‘payadigan «Italiya quyonlari» — Sirdaryoga press-tur (video)

Foto: «Xabar.uz»

Shu yilning 4-dekabr kuni Mikrokreditbank tomonidan Sirdaryo viloyatiga press-tur tashkil qilindi.

Dastavval viloyatning Oqoltin tumaniga borildi. Bu yil katta talafotlarni boshidan o‘tkazgan hudud qurilishlar maydoniga aylangan. Tumanda joylashgan «Oqoltin Mega Textile Group» MChJ trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqaradi. Mikrokreditbank moliyalashtirgan ushbu korxona zamonaviy tipda qurilgan, uskuna va jihozlar Xitoydan keltirilgan. Korxonada ishlab chiqarilgan barcha turdagi mahsulotlar mahalliy paxta tolasidan tayyorlanib, Rossiya, Qozog‘iston va boshqa MDH mamlakatlariga eksport qilinadi. 

Korxonaning umumiy loyiha qiymati 95 680,0 mln so‘mni tashkil qiladi. Shundan o‘z mablag‘lari 55 000,0 mln so‘m, Mirokreditbank krediti hisobidan 40 680,0 mln so‘m jalb qilingan.

Ushbu korxona shu yiling sentyabr oyida ishga tushirilgan bo‘lishiga qaramay, bugun o‘zining samarali faoliyatini yo‘lga qo‘yib olgan. Ishlab chiqarish quvvati (yillik) 28 mlrd so‘mni tashkil etadi, ya’ni yiliga 26 million dona kiyim-kechak ishlab chiqariladi. Shundan 19,4 mln dollarlik xomashyo, ishlab chiqarilgan mahsulotning 80 foizi eksportga, qolgan qismi esa ichki bozorga yo‘naltiriladi.

Korxona ish yurituvchisining aytishiga qaraganda, birgina Rossiya Federatsiyasidan 26 mln dona futbolka uchun buyurtma tushgan.

Korxona to‘liq quvvatda ishlay boshlagach, yana 800 kishi ish bilan ta’minlanadi. Hozirda mahalliy xotin-qizlar korxonada kasbga o‘rgatilmoqda.

Shu o‘rinda ma’lumot: Mikrokreditbank tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida 204,7 mln AQSh dollariga teng 200 ga yaqin investitsion loyihalar moliyalashtirildi hamda 4 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Bugungi kunda quyonchilik iqtisodiyotimiz rivojiga o‘zining salmoqli hissasini qo‘sha oladigan istiqbolli sohalardan biri deya e’tirof etilmoqda.

Bank tomonidan quyonchilik sohasida moliyalashtirilayotgan yirik loyihalardan biri Sirdaryo viloyatidagi «SIRDARYo MOMIQ QUYoNLARI»  fermer xo‘jaligi hisoblanadi. Ushbu xo‘jalik quyonlar sonini ko‘paytirish, ona quyonlar sonini oshirish, viloyat miqyosida quyonchilik korxonalarini ochish hamda fuqarolarga quyonlarni yetkazib berish maqsadida tashkil etilgan.

Mazkur fermer xo‘jaligi ish yurutuvchisi Abdurashid Bozorboyev quyonchilikni qanday boshlagani haqida hikoya qilib berdi: «Quyonchilikni 2016-yili boshlaganmiz. O‘sha yillari Mikrokreditbankning targ‘iboti orqali biz quyon boqishni boshladik. Mana bu qo‘limdagi quyon «Italiya quyoni». 2016-yilda biz Italiyadan 114 bosh quyon olib kelgan edik. 4 yildan beri shu quyonlarni taxminan 15 mingtagacha ko‘paytirdik. Quyon boqish qolgan uy hayvonlarini boqishdan ko‘ra oson va daromadli. Masalan, mana shu quyonlar bir marta bolalaganda 15 tagacha ko‘payadi. Bir yilda esa 60-70 tagacha ko‘payishi mumkin».

Abdurashid aka «Italiya quyoni»ning go‘shti mazasi jaydari quyonlarga qaraganda shirinroq va vitaminlarga boyligini ta’kidlaydi.

Bank taqdim etgan ma’lumotlarga qaraganda, hozirgacha ushbu fermer xo‘jaligiga 2016-yilda 350 million so‘m, 2020-yilning avgust oyida esa yangi turdagi uskunalarni xorijdan olib kelish uchun 470 million so‘m, quyonchilik binosini ta’mirlash uchun 209 million so‘m kredit olingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring