Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Sirli mijoz» tashrifidan so‘ng 5 nafar xodim ishdan olindi

«Sirli mijoz» tashrifidan so‘ng 5 nafar xodim ishdan olindi

Foto: Agentlikning  «Facebook»dagi rasmiy sahifasi

Prezidentning 2017-yil 12-dekabrdagi «Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq, Davlat xizmatlari markazlarining asosiy vazifalaridan biri sifatida mazkur sohada byurokratiya, sansalorlik va boshqa ma’muriy to‘siqlarga yo‘l qo‘ymaslik belgilangan.

Ushbu yo‘nalishda ishlar qanday yo‘lga qo‘yilganligini aniqlash maqsadida Davlat xizmatlari agentligi mas’ul xodimlari tomonidan Farg‘ona viloyatining tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari faoliyati «sirli mijoz» tamoyili asosida o‘rganib chiqildi. Bu haqda Agentlikning  «Facebook»dagi rasmiy sahifasida xabar berildi.

O‘rganish vaqtida o‘z xizmat vazifasiga noloyiq xatti-harakatlar sodir etgan, kasbiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan va «sirli mijoz» sifatida murojaat qilgan tadbirkorlik sub’yektlarini asossiz ravishda boshqa tashkilotlarga yuborib, ularning murojaatlarini sansalorlikka solish kabi holatlarga yo‘l qo‘ygan davlat xizmatlari markazining 1 nafar rahbari va 5 nafar xodimi bilan mehnat shartnomalari bekor qilindi. 5 nafar markaz rahbarlariga intizomiy jazo choralari qo‘llanildi hamda hududiy boshqarma rahbariyatidan tegishli tushuntirishlar olinib, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘yilsa, shaxsiy javobgarlik haqida ogohlantirildi.

Fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi xodimlarning o‘z ishiga qanchalik halol va vijdonan yondashayotganini aniqlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xizmatlari agentligi tomonidan muntazam ravishda «sirli mijoz» tadbirini respublikamizning barcha hududlarida doimiy ravishda o‘tkazish keng yo‘lga qo‘yilgan.

Fuqarolar va tadbirkorlardan davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida turli salbiy holatlar yuzaga kelganda, Adliya vazirligining qisqa raqamli 1008 «Ishonch telefoni»ga murojaat qilishlari so‘raladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring