Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonda avtomobil yo‘llari qurishda qatnashadi

Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonda avtomobil yo‘llari qurishda qatnashadi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Lombardiya viloyati gubernatori Attilio Fontana boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Lombardiya Italiyaning aholisi eng ko‘p va yirik hududlaridan biri bo‘lib, Yevropaning iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan viloyatlari qatoriga kiradi.

O‘zaro manfaatli hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni rivojlantirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Yaqinda Samarqand shahrida Bosh vazir Jorja Meloni bilan o‘tgan muzokaralarning natijalari, ular davomida hududlararo aloqalarni qo‘llab-quvvatlashga kelishib olingani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda Lombardiya kompaniyalari bilan hamkorlikda pomidor, za’faron yetishtirish, noto‘qima mato va trikotaj, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Tayyor tekstil, avtoelektronika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, sut va meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, jamoat transportini rivojlantirish va boshqa loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Qo‘shma loyihalar portfelini kengaytirish, Italiyaning ilg‘or texnologiyalari va investitsiyalarini O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlariga yanada keng jalb qilish muhimligi qayd etildi.

Milan shahrida O‘zbekistonning sanoat va eksport salohiyati ko‘rgazmasini o‘tkazish, savdo uyi ochish va "Uzbek Organic" brendi ostida eksport liniyasini ishga tushirishga kelishib olindi.

Madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish maqsadida 2026 yilda Milanda O‘zbekiston muzeylarining ko‘rgazmasini tashkil etish masalasi o‘rganilmoqda.

Gubernator, o‘z navbatida, Lombardiya ishbilarmon doiralarining loyiha va tashabbuslari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston hududlari bilan keng ko‘lamli sheriklikni yo‘lga qo‘yishga har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini tasdiqladi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Attilio Fontanaga 2026 yilda Milan shahrida bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiadaga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda muvaffaqiyatlar tiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyning “China State Construction”, “China General Nuclear Power”, “CAMCE”, “Goldwind” va “ZTO Express” kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Davlatimiz rahbari Xitoy biznesining O‘zbekistonga qiziqishi har doimgidek yuqori ekanini mamnuniyat bilan qayd etdi. O‘tgan yilning o‘zida ushbu mamlakatdan jalb qilingan investitsiyalar hajmi 10 milliard dollardan oshdi.

"China State Construction" kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Chjen Syuesyuan bilan suhbatda Toshkent shahrida yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish borasidagi hamkorlik natijalari yuksak baholandi. Toshkent shahrida madaniyat ob’yektlarini tashkil etish bo‘yicha istiqbolli rejalar muhokama qilindi.

Toshkent viloyatida sanoat zonasini barpo etish loyihasini boshlash hamda kompaniya avtomobil yo‘llari qurilishida ishtirok etishi to‘g‘risida kelishib olindi.

"China General Nuclear Power" korporatsiyasi raisi Yan Chanli bilan muzokaralarda tog‘-kon sanoatida sheriklikni mustahkamlash masalalari diqqat markazida bo‘ldi. Geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish va yangi konlarni o‘zlashtirishga qiziqish bildirildi. Kompaniyaning gibrid quyosh elektr stansiyasini qurish va bojxona yuklarini skanerlash texnologiyalarini joriy qilish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

"CAMCE" korporatsiyasi raisi Van Bo bilan poytaxtimizda Olimpiya shaharchasini barpo etish bo‘yicha birgalikda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Kompaniya boshqaruvida Toshkent shahridagi "Yangi avlod" industrial texnoparki jadal rivojlanayotgani qayd etildi.

Qo‘shma tashabbuslar portfelini kengaytirish, xususan, elektr energetikasi va Yangi Toshkent shahrini infratuzilmaviy rivojlantirish loyihalarini jadallashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

"Goldwind" kompaniyasi raisi Vu Gang bilan kompaniyaning "yashil" energetikani rivojlantirishdagi ishtiroki yuzasidan fikr almashildi. O‘zbekistonda kompaniya bilan birgalikda shamol elektr stansiyalari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Shamol generatorlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va joriy loyihalarni faollashtirishga kelishib olindi.

"ZTO Express" kompaniyasi rahbari Xu Syanlyan davlatimiz rahbariga O‘zbekistonda tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha onlayn platformani ishga tushirish va "aqlli" logistika omborlarini tashkil etish niyati haqida ma’lumot berdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring