Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbekneftgaz»: Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tashkil etilganiga 25 yil to‘ldi

«O‘zbekneftgaz»: Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tashkil etilganiga 25 yil to‘ldi

Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanida zamonaviy neftni qayta ishlash zavodini barpo etilishi respublikamizda tarixiy voqea bo‘ldi.

Hukumatning 1993 yil 3 avgustdagi 389-sonli qarori bilan zavodni qurish ishlari boshlandi va qisqa muddatda 1997 yil 22 avgustida ishga tushirishga muvaffaq bo‘lindi. Qurilishni loyihalashtirish va texnologik jarayonlarni tanlashda jahonning yetakchi neft va gaz kompaniyalari bilan hamkorlikda o‘sha davrning ilg‘or yechimlaridan foydalanildi.

O‘tgan 25 yil davr ichida zavod respublika iste’molchilarini respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va aholisi uchun o‘ta zarur bo‘lgan neft mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlab kelmoqda.

Buxoro neftni qayta ishlash zavodining 25 yilligi munosabati bilan Buxoro shahridagi Yoshlar markazi binosida tantanali tadbir tashkil etildi. Tadbir «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning bayram tabrigi bilan ochib berildi.

Tantanali tadbirga tashrif buyurgan Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov o‘tgan davr ichida zavod respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va aholisi uchun o‘ta zarur bo‘lgan neft mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash ustida tinimsiz ishlar olib borayotgan «O‘zbekneftgaz» AJ va zavod rahbariyati, ishchi-xodimlariga o‘z minnatdorchiligini bildirib, samimiy tilaklarini izhor etdi.

Zavodning so‘nggi 5 yillik faoliyatini tahlil etadigan bo‘lsak, dastlab, yuqori oktanli AI-91, 92, 93, 95 rusumli benzinlar, so‘ngra ekologik toza EKO rusumli dizel yonilg‘isi va havo laynerlari uchun zamonaviy Jet A-1 rusumli aviatsiya yonilg‘isi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga erishilganligini ko‘rish mumkin. Joriy yil boshida Yevro-4, 5 ekologik toifadagi dizel yonilg‘isi ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilganligi yana bir katta yutuqlardan biridir.

Yiliga 2 mln tonnaga yaqin, jumladan 25 yilda qariyb 50 mln tonnaga yaqin xomashyo qayta ishlangan. Zavod qayta ishlash quvvatlaridan yildan-yilga ko‘proq foydalanish, mahalliy va respublika budjetiga qariyb 5 trln so‘mga yaqin soliqlar to‘langani va bir qator ijtimoiy vazifalarning bajarilgani olib borilayotgan islohotlarning natijasidir.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, korxonaning barqaror ishlashi va rivojlanishi ko‘p jihatdan xodimlarning professionalligiga bog‘liq.

Shu sabab xodimlarining malakasini oshirish uchun doimiy kurslar tashkil etilib, tajriba almashish uchun yirik xalqaro kompaniyalarda yuborish yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa o‘z samarasini zavodning bugungi yutuqlarida qo‘rsatmoqda. Zavod taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shgan 90 nafar ishchi-xodim Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tashkil topganining 25 yillik sanasi munosabati bilan taqdirlanishdi.

Ular O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, «O‘zbekneftgaz» AJ, O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari federatsiyasi hamda Buxoro viloyati hokimligi tomonidan medallar bilan taqdirlanib,  esdalik sovg‘alar topshirildi.

So‘nggi yillarda zavodda tarmoqlararo kooperatsiya aloqalarini kengaytirish bo‘yicha erishilgan muvaffaqiyatlarni ham qayd etmaslikning iloji yo‘q. Xususan, «Kvalitet Vostok Group» MChJ bilan hamkorlikda YeVRO-4,5 dizel yoqilgisi uchun moylovchi qo‘ndirma, «Farg‘onaazot» AJ bilan hamkorlikda trinatriy fosfatning kimyoviy reagent, «Shturval» MChJ bilan hamkorlikda aminli tozalash qurilmasi faollashtirilgan ko‘miri va O‘NA va A vositalarining havosini quritish qurilmasida foydalaniladigan silikagel import o‘rni bosildi.

2020-2021 yillarda «Yangi mahsulotlar» ishlab chiqarish dasturi doirasida ultra past darajada oltingugurt saqlagan Yevro-4,5 toifasidagi dizel yoqilg‘isi, ekspluatatsion xossalari yaxshilangan Ai-95 «QuWatt» markasidagi yangi avtomobil benzini, texnik suyuq kislorod va O‘zbekiston va Buxoro NQIZ tarixida ilk marotaba AI-98 rusumli yuqori oktanli avtomobil benzin ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 2022 yilda Yevro-6 sinfidagi dizel yoqilg‘isini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.

Bugungi kunda zavodda modernizatsiya va rekonstruksiya qilish loyihasi doirasida mavjud quvvatlarni qayta ishlash chuqurligini 79 foizdan 95 foizgacha, och tusli neft mahsulotlarining rentabelligini 77 foizdan 91 foizgacha oshirish ishlari jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda.

Shunday ulkan maqsadlar yo‘lida fidokorona xizmat ko‘rsatayotgan ishchi-xodimlar uchun tashkil etilgan tadbirda el ardog‘idagi san’atkorlar tomonidan go‘zal qo‘shiq va raqslar ijro etildi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring