«100 ta nom hazil gapmi?» – Taniqli tarjimon jiddiy taklif bilan chiqdi
Taniqli tarjimon va shoir, Butunjahon she’riyat harakatining (WPM) O‘zbekistondagi koordinatori A’zam Obid mamlakatning xalqaro maydondagi targ‘ibotiga mas’ul tashkilotlarga jiddiy taklif bilan chiqdi. Hozirga qadar yuzga yaqin o‘zbek shoir-yozuvchilari asarlarini ingliz tiliga tarjima qilgan ijodkor ularni kitob holida chop etish, chet ellarda tarqatish va targ‘ib etish vaqti kelganini ta’kidlaydi.
«Keyingi yillarda asosan onlayn yo elektron kitoblar chiqarib va yo ijod namunalarimni saytimgagina qo‘yib, bosma nashr etishdan tiyilsa-da, qachonlardir u yoq-bu yoqda anchagina («bir divanga yoyib tomosha qilgulik») ishlarim chop etilgan ham ekan. Kuni kecha katta tilshunos-lug‘atshunos olim Nasimxon Mamatovning olima va tarjimon qizlari, baraka topgur Xurshida Mamatova Feysbukda ijodiy ishlarim haqida turli manbalardan saralab, rus tilida kattagina post qo‘yibdilar. O‘sha post bahona 100 ga yaqin o‘zbek shoir va yozuvchisining asarlaridan namunalarni hech ikkilanmay inglizchaga tarjima qilganim esga tushib qoldi. 100 ta nom hazilakam gapmi?» – deb yozadi A’zam Obid ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
O‘zbek adabiyotini chet tillarga tarjima qilishni maqsad-maslak deb bilgan mutarjim qiziqarli ijodiy loyihalarni taklif etadi.
«Asarlarini baholiqudrat inglizchaga tarjima qilganim 100 ga yaqin o‘zbek shoir va yozuvchisining asarlari «O‘zbek mumtoz adabiyoti», «O‘zbek romanlari», «O‘zbek hikoyalari», «Hozirgi zamon o‘zbek she’riyati», «O‘zbek ayol ijodkorlari» kabi katta-kichik hajmdagi 10 tomli kitob bo‘lar, ehtimol. Yana ijodkorlarimiz she’rlarini inglizcha o‘qib, o‘nlab videolar ham qilganman – bir go‘zal raqamli loyiha tuzish imkoni bor. Hoy, O‘zbekiston targ‘ibotiga va imijiga mas’ul hukumat, vazirlik, agentlik, elchixona, hokimiyat, uyushmalar! Mana, sizga tayyor loyihalar! Bitta yaxshi muharrir topish mendan. Qolgan muhim ishlarni – tarjimalarni chet elliklarga taqdim etish va sotish uchun sifatli kitob holida nashr etish, chet ellarda tarqatish, targ‘ib etish, xorijda mualliflar bilan uchrashuvlar, adabiyot kechalari, muhokama va mushoiralar tashkil qilishni zimmangizga oladigan mardlar bormi ichingizda?» – deya mutasaddilarni savolga tutadi muallif.
Ta’kidlanishicha, hozir mudraydigan, pinakka ketadigan davr emas.
«Qaytaraman, bu yerda gap nobelchilaru mashhur bestsellerlarning o‘zbekchaga tarjimasi haqida emas, balki Navoiy, Pahlavon Mahmud, Cho‘lpon, Fitrat, Usmon Nosirdan tortib Halima Xudoyberdiyeva, Erkin Vohidov, Rauf Parfi, Erkin A’zam, Jamol Kamol, Evril Turon, Halima Ahmad va hokazo shoir-yozuvchilarimizning inglizchaga o‘girib bo‘lingan asarlari haqidadir. Haliyam o‘ylab ko‘rasizmi yo? Uyg‘onarmisiz, mudroqlar, uxloqlar va ignorchilar?!» – deb yozadi kuyunchaklik bilan A.Obid.
Eslatib o‘tamiz, A’zam Obidning o‘nlab she’riy va tarjima kitoblari nashr etilgan, asarlari 25 dan ortiq tilga o‘girilgan. O‘zbek nazmi va nasridan qilgan tarjimalari Buyuk Britaniya, Hindiston, Germaniya, Fransiya, AQShda kitob holida hamda bosma nashrlarda bosilgan. Masalan, 2021 yilda AQShda uning tarjimasida Alisher Navoiy g‘azallari va shoira Tursunoy Sodiqovaning «Navoiy gulshani» risolasi jamlangan «Without You» («Sensiz») deb nomlangan kitob nashr qilingan.
Ijodkor O‘zbekistonda ilk bor «Xalqaro yozuvchi va rassom rezidensiyada» loyihasiga ham asos solgan.
A.Obid – Yaponiya xalqaro fazo uyushmasi tashkil qilgan, she’rlari Oyda o‘qilgan dunyo shoirlari loyihasi ishtirokchisi. Yevropa, Osiyo va Amerika qit’alarida o‘tkazilgan o‘nlab adabiyot, she’riyat va madaniyat festivallari qatnashchisi. Franklin hamda «Burgut» (Eagle) mukofotlari sohibi.
Ijodkor avval ham mamlakatimiz adabiyoti va san’atini rivojlantirish borasida salmoqli taklif va tashabbuslarni ilgari surgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter