2019-yilda Navoiyda yana 8 ta shunday markazlar barpo etiladi (foto)

Navoiy viloyatida yana bir davlat xizmatlari markazining yangi binosi foydalanishga topshirilgandi. Avval Navoiy shahrida, keyinchalik Konimex tumanida bo‘y ko‘rsatgan markazlarga kirsangiz bahri dilingiz yayraydi. Davlat xizmatlari Agentligining Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Toshevning ta’kidlashicha, 2019-yilda viloyatning qolgan 8 ta tuman va shaharlarida xuddi shunday markazlar barpo etiladi.
Konimex Navoiy viloyatining qishloq xo‘jaligi hamda chorvachilikka ixtisoslashgan hududlaridan biridir. Bugun tumanda 40 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Konimexda yangidan barpo etilayotgan binolar tufayli ko‘chalar ko‘rkam qiyofaga kirmoqda. Xalqning turmush tarzi, yashash sharoitlari kun sayin o‘zgarayotgani e’tirofga loyiq. Tumanda joriy yilning o‘zida 36 ta loyihada qurilish ishlari amalga oshirilib, xalqqa foydalanish uchun topshirildi. Ana shulardan biri davlat xizmatlari markazi binosidir.

Betakror dizayn va mukammal me’moriy yechim bilan qurilgan mo‘’jazgina markaz konimexliklarning serqatnov maskaniga aylandi. Aslida har bir bino ochilishida ming bir yaxshi tilak, ming bir ezgu amal mujassam. Joriy yilda Konimex tumani davlat xizmatlari markazi xodimlari tomonidan 7 ming nafarga yaqin fuqaroga davlat davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, endilikda qulay va shinam binoda fuqarolarga bir qator qulayliklar yaratildi.

Bank xizmati, fuqarolik holatlari dalolatnomalari yozish bo‘limi ham markaz binosida faoliyat yuritadi. Tug‘ilganlik hamda nikohni qayd etish guvohnomalarini berish xizmati ham markazdan chiqmasdan amalga oshiriladi. Shuningdek, binoda mobil telefonlarning quvvat olishi uchun qurilma ham o‘rnatilgan. Binoda yo‘lga qo‘yilgan bepul wi-fi markazga tashrif buyuradigan fuqarolar beminnat foydalanishlari mumkin. Darvoqe, shundoqqina markaz yonidagi bekatda ham tuman aholisi uchun xuddi shunday imkoniyat yaratilgan.

Shu kuni tumanda 6-7 bolalar bog‘chalarining yangi binosi ham ishga tushdi. Markaz orqali maktabgacha ta’lim muassasasiga yo‘llanma olgan 80 nafardan ortiq bolajonlar quvonchiga tuman ahli ham sherik bo‘ldi. Konimexdagi bunyodkorlik ishlariga tuman xokimligi astoydil bel bog‘lagan ko‘rinadi. Ular yangi yilda obod qishloq davlat dasturi doirasida kichik amfiteatr va uyingohlar qurib, kelgusida qishloq odamlarining madaniy dam olishiga munosib hissalarini qo‘shdilar. Tumanda davlat xizmatlari markazi binosining ochilishi marosimi bilan boshlangan tadbirlar biri biriga ulanib, kechga qadar davom etdi. Bunday fayzli go‘shalarning har bir qishloq, har bir ovulda qad ko‘tirishiga hali odatlanib ham qolamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter