96 soat davom etgan operatsiya yoxud dunyodagi eng g‘aroyib jarrohlik amaliyotlari haqida
Tibbiyot tarixida shunday murakkab jarrohlik amaliyotlari bo‘lganki, bu haqda eshitib, yoqa ushlaysiz. Newsweek jurnali ana shunday g‘ayritabiiy amaliyotlar borasida ma’lumot bergan...
1. Miyaning olib tashlanishi. 2008 yilning 6 iyun kuni texaslik olti yoshli Jessi Xellning o‘ng yarim miya shari to‘lasincha olib tashlandi. Mazkur operatsiyani Baltimordagi Jon Xopkins bolalar tibbiy markazi neyrojarrohi Ben Karson o‘tkazdi.
Tibbiyotdagi eng noyob sanalgan gemisferektomiya deb nomlangan mazkur operatsiya Rasmussen ensefaliti (bosh miya yallig‘lanishi) bilan og‘rigan qizaloqning hayotini saqlab qolishning yagona yo‘li edi. Bunday hollarda «tirik» qolgan ikkinchi yarim miya shari olib tashlangan miya yarim shari vazifasini o‘taydi (shifokorlar bu qay tarzda ro‘y berishini aniqlashgani yo‘q).
Jessi, aftidan, chap tomoni bir umrga falajlangan tarzda qoldi, biroq uning shaxsi va xotirasiga zahmat yetmadi. Jon Xopkins markazida bu kabi operatsiyalar yiliga 12 marta o‘tkaziladi.
2. To‘rt kun davom etgan operatsiya. 1951 yilning 4 – 8 fevral kunlari Chikago gospitali vrachlari to‘xtovsiz ravishda 96 soat mobaynida 58 yoshli Gertruda Levandovski tuxumdonining ulkan o‘smasini olib tashladilar. Bu tibbiyot tarixida eng uzoq davom etgan jarrohlik amaliyoti sanaladi.
Operatsiyaga qadar Gertrudaning vazni 277 kilogramm edi, undan keyin 138 kilogrammni tashkil etdi. Jarrohlar bemorning qon bosimi tushib ketmasligi uchun o‘smani o‘ta sinchkovlik va ohistalik bilan to‘rt kun mobaynida olib tashlashdi.
3. Ona qornidagi operatsiya. Avstraliyadagi Monash tibbiy markazi jarrohlari 22 yashar Kayli Bulenning qornidagi 22 haftalik go‘dakni operatsiya qilishdi. Bu hazilakam ish emas edi – tibbiy iplar bolaning to‘pig‘iga ilashib, tortib, bu esa tizzaga qon o‘tmasligigiga olib keldi. Mazkur holatlarda jarrohlar faqat 28 haftalik go‘dakni operatsiya qilishga jur’at etishlari mumkin. Biroq «an’ana»ga rioya qilinsa, bolakay ikkala oyog‘idan ayrilishi hech gap emas edi.
Operatsiya boshlanishiga qadar go‘dakning o‘ng oyog‘i allaqachon kasallik yuqtirgan, qolaversa, hali jish urmagan, ya’ni operatsiya qilinishga tayyor emas edi (uni bola 4 yoshga to‘lganida operatsiya qilishdi). Har holda ungacha chap oyoqni saqlab qoldilar. Operatsiya paytida homilaning bo‘yi bor-yo‘g‘i 17 santimetrni tashkil etgan.
4. O‘z-o‘zini operatsiya. 1921 yilda jarroh Evan O'Neyl Keyn etni og‘riq sezmaydigan qilish orqali o‘zining ko‘richagini olib tashladi. Ushbu ko‘richakning chuvalchangsimon o‘sigi vahimali edi.
Operatsiya jarayonida, har ehtimolga qarshi, qo‘shni xonada uch nafar shifokor yordamga shay turishdi.
Jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tib, hatto 1932 yili Keyn o‘zidagi chov churrasidan xalos bo‘lish bilan bog‘liq murakkab operatsiyani ham o‘tkazdi. Bu amaliyot mobaynida u, hatto hazilkashlik ham qilgan.
5. Yuzni ko‘chirish. 2007 yilning yanvar oyida 31 yoshli Paskal Koler o‘ta noyob va qo‘rqinchli xastalik bo‘lmish nevrofibromatoz (Reklingxauzen kasalligi) bo‘yicha operatsiya qilindi. Bu xastalik uning chehrasini mudhish qiyofaga solgan edi. Ulkan o‘simta sho‘rlik Paskalni risoladagidek tanovul qilishiga xalaqit berib, uni odamovi qilgan edi.
Professor Loran Lantiyeri hamkasblari bilan marhum donorning yuzini ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini olib bordi. Operatsiya 16 soat davom etib, ijobiy yakun topdi. Kolerning qiyofasi marhum donornikiga o‘xshamaydi, uning yuzidagi suyaklarga teginilmagan.
Fransuz jarrohlari 30 yoshli Paskal Kolerga tom ma’noda yangi hayot va baxt tuhfa etishgan edi. Boyaqish 24 yil mobaynida yuqorida nomi tilga olingan kasallikdan azob chekib kelgan. Aytishlaricha, bundan yuz yilcha muqaddam mashhur Jozef Merrik ham shu xastalik bilan og‘rigan ekan. Merrik hayoti Devid Linchning «Fil-odam» filmi syujetiga aylangan.
Shifokorlar Paskalni operatsiya stoliga yotqizishdan oldin u har qanday lahzada hayotdan ko‘z yumishi mumkinligi haqida ogohlantirishgan edi. Paskal hech qanday ikkilanishsiz bu imkoniyatdan foydalanishga qaror qilganini bildirdi.
– Operatsiyaga tayyorlay boshlaganlarida men nihoyatda shod edim, – deydi u. – Axir, boshqalar kabi hayot kechirish imkoniyatini qo‘lga kiritishim mumkin edi. Endi menga boshqacha nigoh tashlashadi.
Jarrohlik amaliyotidan so‘ng u kasallikdan butkul xalos bo‘ldi va hisobchilik kasbi hamda oila qurish haqida o‘ylay boshladi.
Sobiq «fil-odam» shaxsi sir tutilayotgan o‘zining donori kim ekanligini ham bilmaydi. Biroq uni minnatdorchilik bilan eslaydi.
– Men o‘z xaloskorimning ruhi shod bo‘lishi uchun har kuni duo qilaman, – deydi Paskal News Of The World nashriga bergan intervyusida. – U menga nafaqat yuzimni, balki hayotimni ham hadya etdi.
6. Ikki marta tug‘ilish. Amerikalik Keri Makkartni homiladorligining oltinchi oyida tug‘ilajak bolasining dumg‘azasida xatarli o‘simta borligini bilib qoldi.
Xyustondagi bolalar gospitali jarrohlari Kerini behush qilib, bachadonini olishdi. Uni ochib, homilaning boshi va yelkasini qoldirib, 80 foizlik tanasini ko‘tarishdi va o‘simtani olib tashlashdi. Shundan so‘ng maxsus moslamalar yordamida homilani bachadonga qaytarishdi.
Oradan o‘n oy o‘tib, bola sog‘-salomat tarzda «qayta tug‘ildi».
Akbar Fatxullayev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter