Abdulla Aripov: «Jahongir Ortiqxo‘jayev yetuk rahbar, zamonaviy menedjer...»
13-yanvar kuni Toshkent shahar hokimligida bosh vazir Abdulla Aripov ishtirokida hokimni tasdiqlash bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilgani xabar qilgan edik.
Unda Abdulla Aripov prezident tomonidan taqdim etilgan nomzod J.Ortiqxo‘jayev nomzodini Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi sessiyasida tasdiqlash to‘g‘risida taqdimnomani o‘qib eshittirdi. Shuningdek, hukumat rahbari poytaxtning iqtisodiy ko‘rsatkichlari va nomzodga ham to‘xtaldi:
«Joriy yilda mahalliy budjetga tushumlar 6,7 trillion so‘mga oshdi. Belgilangan budjet daromadlari 743 milliard so‘mga oshig‘i bilan bajarildi.
Jahongir Ortiqxo‘jayev yetuk rahbar, zamonaviy menedjer. U hokimlik qilgan davrda poytaxtda qurilgan binolar qisqa muddatda va sifatli qurilgani diqqatga sazovor. Avval bir bino qurilsa, ma’lum muddat o‘tgach, ketidan yana usta tushirilardi.
Yana bir jihat, Afg‘onistonning Mozori Sharif shahridagi ko‘rgazmaga borganimizda, ko‘plab arab alifbosidagi kompaniyalarga ko‘zimiz tushgandi. Ular ichida faqat uchta lotinda yozilgan kompaniyalar bor edi: «Akfa», «Artel» va «Crafers» reklamasi. Buyam Jahongir Obidovichga xos yaxshi xususiyat...».
Ushbu sessiyada Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkent shahar hokimi lavozimiga qayta tasdiqlandi.
Shuningdek, «Xalq deputatlari Toshkent shahar va tuman Kengashlari deputatlari Qo‘shma majlisi Maslahat Kengashi azoligiga nomzodni tavsiya etish to‘g‘risida»gi masala ham ko‘rib chiqildi va Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining qarori bilan taklif etilgan nomzodlar tasdiqlandi.
Eslatib o‘tamiz, Jahongir Ortiqxo‘jayev 2018-yil aprelda Toshkent shahar hokimi v.b va 21-dekabr kuni hokim lavozimiga tayinlangan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter