Achchiq haqiqatlar xabarchisi

Urush bir kun davom etadimi, yuz yilga cho‘ziladimi, bundan qat’i nazar, mohiyati ham, oqibati ham bitta: baribir qirg‘in bo‘ladi, baribir odam o‘ladi, umrlar bevaqt zavol topib, xasta-nogironlar ko‘payadi. Yillar davomida qurilgan, boyagina gullab-yashnab turgan shahar-qishloqlar ko‘z ochib yumguncha vayronaga aylanib, ko‘li ko‘kka sovuriladi. Eng dahshatlisi, xunrezlikni odatda bir to‘da g‘alamis-razil kimsalar boshlaydi-yu, jabrini hamisha begunoh odamlar – oddiy xalq tortadi. Uning asoratlari esa yillarga, hatto asrlarga tatiydi...
Navbatdagi urushdan keyin Fransiyada xuddi shunday mudhish vaziyat vujudga kelgandi. Shahid ketganlarning g‘amboda jigargo‘shalari yig‘lab-siqtab motam tutishar, minglab-millionlab ota-onalar, ayollar va bolalar bedarak ketgan jigargo‘shalari yo‘liga umid-la ko‘z tikishardi. Qirg‘inbarot jabrdiydalari safida Ivonn Berto ism-sharifli juvon ham bor edi. U jang chog‘i nom-nishonsiz yo‘qolgan erini kutar, «Zora topilib qolsa!» degan ilinjda hali u-hali bu tashkilotga murojaat qilardi.
Afsus, boyaqishning tinimsiz izlanishlari va uzoq yillik kuyinishlari zoye ketdi. Oradan yillar o‘tsa-da, hech kim dardiga malham qo‘ya olmadi, erining o‘ligidan ham, tirigidan ham xabar berolmadi. Oxir-oqibat u umidsizlikka tushib, yolg‘izlik va bevalikni bo‘yniga oldi. Bora-bora hamma narsaga loqaydlarcha qarashga odatlandi. Endi unga bu dunyoda yashashning go‘yoki mutlaqo qizig‘i qolmaganday edi.
Ana shunday afsus-armonga yo‘g‘rilgan qora kunlarning, yana deng, dilgir oqshomlarning birida g‘alati voqea ro‘y berdi. Ivonn uyquga yotishdan oldin xona burchagidagi katta toshoynaga odatdagidek birrov qaradi-yu, ham qo‘rquv, ham hayrat ichra turgan joyida dong qotdi. Bu safar ko‘zguda o‘z siymosini emas, rohibalar libosini kiygan, qosh-ko‘zlari chiroyli, qaddi-qomati kelishgan, mayingina jilmayib turgan yoshgina ayol aksini ko‘rdi. Ko‘rdi-yu, ikki qo‘li bilan jon holatda boshini mahkam changallagancha, yerga tiz cho‘kdi...
Shu-shu, yotoqxonaga kirishga va ko‘zguga qarashga yuragi betlamadi. O‘lganning ustiga tepganday, basma-basiga sog‘lig‘i yomonlasha boshladi. Axiyri, bo‘lmadi. Ishxonasi taqdim etgan yo‘llanma bo‘yicha sanatoriyda davolanishga chog‘landi.
O‘sha kuni Ivonn sihatgoh hovlisidagi ko‘zdan xoliroq shiyponchada tanho o‘zi kitob o‘qib o‘tirgandi. Bir mahal yerdan chiqdimi-osmondan tushdimi, anglolmay qoldi, ro‘parasida yoshgina ayol paydo bo‘ldi. Ivonn unga qaragani hamon ilkis hushyor tortdi. Negaki, bu juvon go‘zal chehrasi ko‘zguda namoyon bo‘lgan rohibaning quyib qo‘ygandek o‘zginasi edi.
– Keling, tanishaylik, mening ism-sharifim Florans Blansh, – dedi «kutilmagan mehmon» rohiba singari muloyim kulimsirab. – Huv, anovi bo‘lmada ham dam, ham muolaja olyapman. – U shunday deya hovli etagidagi binoga ishora qilgach, muddaoga o‘tdi. – Sizni bu yerga kelganingizdan beri chetdan kuzatib, yoqtirib qoldim. Shu bois ikkimiz dugona tutinsak, degan niyatda edim...
Qandaydir ichki tuyg‘ular izmiga bo‘ysungan Ivonn favqulodda iltimosni rad etolmadi. Tez-tez u bilan birga sayr qiladigan bo‘ldi. Ammo bu dilkashlik uzoqqa cho‘zilmadi, hammasidan achinarlisi, armonli xotima topdi.
Tanishganlarining uchinchi kuni edi. Ular sanatoriy yonidan o‘tgan daryo sohilini kezib yurishgandi. Florans Ivonnini qo‘ltiqlab olgandi. U ohista qadam tashlar ekan, negadir og‘ir o‘yga toldi. Anchadan so‘ng chuqur xo‘rsinib, shu atrofda ro‘y bergan bir fojiani hikoya qila ketdi. Aytishicha, urush yillari xuddi shunaqa daryo bo‘yidagi yalanglikda ayovsiz jang bo‘libdi. Otishma tufayli har ikki tomondan talay askar nobud bo‘lib, anchasi yaralanibdi. Ulardan birining miyasi qattiq lat yegan ekan, jarohatlari bitsa-da, xotirasi tiklanmabdi. U o‘z kechmishi, nasl-nasabi, qarindosh-urug‘larini eslolmaydigan bo‘lib qolibdi. Xotirasiz yashash esa dahshat! Ruhan ezilgan yigit alamiga chidolmay qaltis yo‘lni tanlabdi. O‘zini pishqirib oqayotgan daryoga otib, tilsiz yov qurboni bo‘libdi.
Florans so‘zlashdan to‘xtab, ancha vaqt jim qoldi. So‘ngra Ivonnga ma’yus nazar tashladi-da, marhum jangchining yuz-ko‘zlarini, gavda tuzilishini tasvirlay boshladi. Uning gaplarini eshitib, Ivonning yuragi bexosdan hapqirib ketdi. Negaki, Florans ta’riflagan odam uning turmush o‘rtog‘i, bor-yo‘qligini bilolmay yillar osha zor-zor kutgan eng aziz odami edi...
Ivonn o‘sha tun mijja qoqmadi. O‘ksib-o‘ksib yig‘ladi, achchiq-achchiq ko‘z yoshi to‘kdi. Ertalabga borganda esa mutlaqo boshqa ayolga aylandi. Qalbida hayotga qayta muhabbat uyg‘ondi. Bundan buyog‘iga faqat o‘zi uchungina emas, balki juvonmarg ketgan eri uchun ham yashashga ahd qildi. Bu qarorini Floransga ma’lum qilmoqchi, harchand achchiq bo‘lsa-da, bor haqiqatni ro‘y-rost aytgani uchun minatdorchilik bildirmoqchi edi. Shuningdek, undan fojia sodir bo‘lgan daryo qayerda ekanligini so‘rab olmoqchi, o‘sha joyni ziyorat qilib, erining ruhini shod etmoqchi edi. Taassufki, dugonasini uchratmadi. Shifokorlarning ta’kidlashi va hujjatlarni tekshirishdan aniqlanishicha, bu ayol sanatoriyga umuman kelmagan, biron-bir muolaja olmagan ekan. Florans hech kimga sezdirmay qanday paydo bo‘lgan bo‘lsa, xuddi shu zaylda sas-sadosiz ko‘zdan yo‘qolgan edi. O‘zidan biror iz yoki belgi qoldirmagandi.
Nachora, Ivonn endi eri qolib, u haqda xabar yetkazgan rohibani izlashga kirishdi. Muddaosi ushalmagach, gazetaga e’lon berdi. Shu munosabat bilan yuzlab ayollardan xat oldi. Qizig‘i, maktublar egalarining barchasi urush bevalari bo‘lib, shu paytgacha daragi chiqmagan turmush o‘rtoqlari frontda halok bo‘lishganini, bu shum xabarni oradan yillar o‘tib, o‘zlari tasodifan uchratgan rohiba Florans Blanshdan eshitganlarini yozishdi. Ayni chog‘da, uni minba’d qayta ko‘rmaganlarini ta’kidlashdi.
Savol tug‘iladi: xo‘sh, Florans Blansh aslida kim edi? Rohibami?..
Yo‘q! Diniy tashkilotlar ma’lumotlariga qaraganda, o‘sha kezlari hech bir ayollar ibodatxonasida bunday ism-sharifli rohiba yashamagan. U holda kim anig‘ini ayta oladi: Florans hayotda bo‘lganmi o‘zi? Ehtimol, u zamin farzandi emasdir?.. Ehtimol, umr yo‘ldoshining tirikligini ham, halok bo‘lganini ham aniqlay olmay ikki o‘t orasida qolgan, nima qilarini bilolmay boshi qotgan ayollarni bor gapdan voqif etib, arosatdan chiqarish hamda ularga taskin-tasalli berish uchun o‘zga olamdan yerga yuborilgan noma’lum zotdir?!.
Bu savollarga hozirgacha jo‘yali javob topilgani yo‘q. Baski odamzod hamisha Xudoning qudratiga inonmog‘i, tirikligi va sog‘-salomatligi uchun shukrona keltirib yashamog‘i joiz!
Abdunabi Haydarov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter