Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Aleksandr Matrosov… o‘zbek o‘g‘loni bo‘lganmi?

Aleksandr Matrosov… o‘zbek o‘g‘loni bo‘lganmi?

Nomi Ikkinchi jahon urushi tarixiga oltin harflar bilan yozilgan Aleksandr Matrosov kim, qaysi mard otaning farzandi bo‘lgan?..

Foto: «rg.ru»

1943-yilning qahraton qishi. Ikkinchi jahon urushi frontlarida sovet davlati va sovet ijtimoiy tuzumining qismati hal bo‘layotgan kunlar. Olayotgan nafasingiz ham muzlab qoladigan qish bo‘lganiga qaramay, aholi yashaydigan har bir daha, har bir ko‘prik, har bir uy uchun hayot-mamot jangi ketayotgan, dushman otayotgan o‘q va snaryadlar yomg‘iridan cho‘chib, okopdan boshini ko‘tara olmay qolgan jangchilar olg‘a undalayotgan, jangovar buyruqni bajarmagan jangchilar esa shu zahoti otib tashlanayotgan qiyomat qoyimdan iborat daqiqalar, soatlar, kunlar…

Frontga o‘z xohishi bilan borgan boshqa kursantlar qatori Aleksandr Matrosov ham 1943-yil yanvarida jang maydoniga kiradi. U shu yilning 15-fevralidan boshlab 91-alohida Sibir ko‘ngilli brigadasining 2-alohida o‘qchi bataloni tarkibida harbiy xizmatni o‘tay boshlaydi. 1943-yil 27-fevralda Ikkinchi jahon urushi tarixiga oltin harflar bilan yozilgan jangovar voqea ro‘y beradi. Shu kuni batalon Pskov viloyatining Cheryomushki qishlog‘i yaqinidagi tayanch punktni egallash uchun hujumga o‘tadi. Jangchilar o‘rmondan chiqishlari bilanoq pulemyotlardan otilgan ajal yomg‘iriga duch keladilar. O‘q qishloq yo‘lini to‘sib turgan nemislarning uchta dzoti – uchta pulemyot o‘rnatilgan istehkomdan tinimsiz tarillab otilib turardi. Dushmanning o‘t sochayotgan nuqtalarini yakson qilish uchun ikki kishidan iborat hujumchi guruhlar yuborildi. Ko‘p o‘tmay ikki dzot yer bilan yakson etildi. Uchinchi pulemyot esa qishloqqa kiraverishdagi jarlikni o‘qqa tutishda davom etardi. Bu pulemyotning «ovozini o‘chirish» uchun dushman tomonga oddiy askarlar — Aleksandr Matrosov bilan Pyotr Ogursov emaklab ketishdi. Dushman o‘qi Ogursovga tekkach, Matrosov vaziyatni qo‘liga olib, o‘q yog‘ilayotgan tomonga ikkita granatani uloqtirdi. Haytovur, pulemyotning «ovozi o‘chdi». Ammo ko‘p o‘tmay pulemyot yana «tilga kiradi». Istehkomga yaqinlashib qolgan Matrosovda faqat bitta imkon qoldi — u pulemyot o‘qlari uchib chiqayotgan joyga — ambrazuraga shartta o‘zini tashladi!

Matrosovning bu jasorati bilan batalon oldiga qo‘yilgan jangovar topshiriq to‘la bajarildi — batalon dushmanning qarshiligini yengib, hujumga o‘tdi! Bu mislsiz jasorati uchun 1943-yil 19-iyulda qizil askar Aleksandr Matrosov (halok bo‘lganidan keyin) Sovet ittifoqi qahramoni unvoni bilan taqdirlandi.

Matrosovning bu tarixiy jasorati urush yillarida ko‘p targ‘ib va tashviq qilindi. Unga bag‘ishlangan yuzlab she’rlar, ocherklar, maqolalar yozildi. Shu jasorat va uning targ‘iboti ta’sirida 1941—1945-yillardagi urushda 500 dan ziyod jangchi Matrosov jasoratini takrorladi.

Shu narsa g‘aroyibki, Matrosov jasoratini «takrorlagan» jangchilardan biri xo‘jandlik o‘zbek yigiti To‘ychi Eryigitov bo‘lib, u Matrosovdan oldin dushman dzotini o‘z badani bilan yopib, quroldosh o‘rtoqlarining zafarli hujumga o‘tishlariga sharoit yaratgan edi.

Nomi Ikkinchi jahon urushi tarixiga oltin harflar bilan yozilgan Aleksandr Matrosov kim, qaysi mard otaning farzandi bo‘lgan?..

Yaqin-yaqingacha sovet xalqi faqat bir narsani bilgan, xolos: Aleksandr Matveyevich Matrosov 1924-yil 5-fevralda Yekaterinoslav shahrida tug‘ilgan. Dastlab Ulyanov viloyatining Meleksek va Ivanovo shaharlaridagi bolalar uyida, keyin Ufa shahridagi bolalar mehnat koloniyasida tarbiyalangan. Shu yerdagi maktabning yettinchi sinfini tugatganidan so‘ng koloniya tarbiyachisiga yordamchi bo‘lib ishlagan. Urush boshlangan kunlarda 17 yashar navqiron yigit Aleksandr Matrosov frontga ko‘ngilli bo‘lib borish uchun bir necha marta ariza yozgan. Nihoyat, 1942-yil sentyabrida u harbiy xizmatga olinib, Orenburgdagi piyoda askarlar bilim yurtiga o‘qishga yuborilgan.

Ayrim manbalarda Boshqirdistonning Kunakbayevo (Qo‘noqboy) qishlog‘ida tug‘ilgan Shokirzyan Yunusovich Muhamedyonov Matrosovning otasi sifatida tilga olinadi. Aleksandr go‘yo otasi ikkinchi marta uylanganidan so‘ng uyidan qochib ketib, Ufa shahridagi bolalar mehnat koloniyasiga borib qolgan. Boshqa bir manbada yozilishicha, Matrosov Stavropol uyezdi Saratov guberniyasi(hozirgi Ulyanov viloyati)ning Visokiy Kolok qishlog‘ida tug‘ilgan; eri vafot etganidan so‘ng urush yillarida uch farzandi bilan qolgan onasi noilojlikdanmi yo boshqa sabab bilanmi, Aleksandrni Meleksek qishlog‘idagi bolalar uyiga bergan.

Matrosovning kimligi, kimning farzandi ekanligi masalasiga oid aniq ma’lumotning yo‘qligi har qanday kishida bunday mulohazani uyg‘otishi tabiiy: demak, u nochor oilada tug‘ilgan va u bolalar uyiga topshirilgan vaqtda otasi bo‘lmagan. Odatda shunday bolalar o‘tgan asrning 20-yillaridan boshlab bolalar uyidan panoh topganlar. Aleksandr Matrosovning ham otadan yetim qolgan shunday bolalardan biri ekanligi shubhasizdir.

Yaqinda qutlug‘ 90 yoshini nishonlagan atoqli olim, falsafa fanlari doktori Qo‘chqor Xonazarov ajoyib hayot yo‘lini bosib o‘tgan. O‘zbek yoshlaridan birinchi bo‘lib Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutini tugatgan Qo‘chqor aka Ikkinchi jahon urushida jangchi sifatida qatnashib, bir necha marta og‘ir jarohat olgan, mamlakat ichkarisidagi bir nechta harbiy gospitalda yotgan. Shunday paytlardan birida bo‘lsa kerak, u Matrosovning ota-onasi to‘g‘risidagi «mish-mish»lardan yana birini eshitgan. Qo‘chqor akaning 90 yilligi munosabati bilan chop etilgan «Haqiqatni bilishning olis yo‘li» («Dolgiy put poznaniya», 2017) kitobida u bizni qiziqtirgan masala bo‘yicha shunday ma’lumot bergan:

Boshqirdiston poytaxti Ufadan o‘nlab kilometr narida yosh boshqird-tatar oilasi yashagan. Bu oilada ota va onadan tashqari, ularning besh yashar farzandi — o‘g‘li ham bo‘lgan. Ona kasallikka chalinib, vafot etgan. Xotinsiz qolgan er ikkinchi marta uylangan. Ularning har ikkisi ham ishlagani uchun bola qarovsiz qolgan. Ular o‘ylab-o‘ylab, besh yoshli bolani bolalar uyiga berib, hukumat qaroviga o‘tkazishni ma’qul ko‘rishgan. Bolaning ism-familiyasi bolalar uyida ishlagan rus ayollariga g‘alati ko‘ringan. «Bolalar uyidagi hamma bolalar Kolya, Misha, Andryusha singari tanish ismlar bilan atalgan bir paytda bu yangi bolani Shukurzyan Mansurzyanov deguncha og‘zimiz qiyshayib ketadi. Shukurzyanni Shurik deya qolaylik. Mansuzyani nimasi? Mansurzyan bo‘ldi nima-yu, Matrosov bo‘ldi nima?..», – deyishgan. «Qaytaga Matrosov so‘zining jaranglashini qarang! Matrosov-a!!», – deyishgan ayollar. Shu-shu, bolalar uyiga yangi kelgan bola Aleksandr Matrosov bo‘lib ketgan.

Bu versiya muallifi Qo‘chqor Xonazarovning fikriga ko‘ra, Shukurzyan Mansurzyanov — Aleksandr Matrosov boshqird-tatar yigitidir.

Atoqli olim, tarix fanlari doktori Hamid Ziyoyev uzoq yillar mobaynida Sibirdagi ilmiy markaz va arxivlarda ishlab, Sibir va Volgabo‘yidagi o‘zbeklar tarixi bo‘yicha o‘nga yaqin kitob e’lon qilgan. Bu kitoblardan ma’lum bo‘lishicha, o‘rtaosiyoliklar XII-XIII asrlardayoq savdo karvonlari bilan Sibirga borganlar. Keyinchalik turli tarixiy voqealar buxorolik, toshkentlik va O‘rta Osiyoning boshqa shaharlarida yashagan o‘zbeklarning Sibirga ko‘chib borishlari va «sibirlik o‘zbeklar» etnonimining paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Bu jarayon O‘rta Osiyo Rossiya imperiyasi qo‘shinlari tomonidan zabt etilganidan keyin ham davom etgan. Chor ma’muriyati ham, sovet huquq-tartibot organlari ham nafaqat minglab kishilar, hatto minglab oilalarni Sibirga surgun qilganlar.

Hamid Ziyoyev «Sibir, Volga va Ural bo‘yidagi o‘zbeklar» (T., 2003) kitobida o‘zbeklarning Sibir kengliklariga borishi tarixiga oid qiziqarli ma’lumotlarni berib, bunday xulosani aytgan:

«XX asr boshlarida buxoroliklar va toshkentliklarning tatarlar bilan aloqasi yanada kuchayib ketdi. Tatarlar son jihatdan ko‘pchilikni tashkil etganligi tufayli Sibirdagi buxoroliklar maktab va oliy o‘quv yurtlarida tatar tilida ma’lumot oldilar. Darsliklar, qo‘llanmalar, gazeta va jurnallar ham tatar tilida nashr etilgan. Shuning uchun ham bu yerdagi buxoroliklar va toshkentliklar o‘z ona tilini mahalliy til, tatar tilini esa adabiy til hisoblaydilar…

…Keyingi yuz yil davomida Sibirdagi buxoroliklar va toshkentliklar ota-bobolarining asl vatani bo‘lgan O‘rta Osiyo bilan aloqa qilmay qo‘ydilar. Chunki ular Sibirning haqiqiy mahalliy aholisiga aylanib ketdi. Pirovardida o‘zbeklar til va urf-odatlar jihatidan bir-biriga ancha yaqin bo‘lgan tatarlarga qo‘shilib ketdilar».

Bu satrlardagi «tatarlar» so‘zi yoniga «boshqirdlar» so‘zini ham qo‘shsak, to‘g‘riroq bo‘ladi. Bu ikki millatni bir-biridan ajratadigan milliy belgilar bo‘lishiga qaramay, ular til nuqtai nazaridan ham, urf-odatlar nuqtai nazaridan ham bir-biriga g‘oyat yaqin. Ana shu ikki millat bilan assimilyasiyaga kirishgan buxorolik va toshkentliklar orasida Shukurjon va Mansurjon ismlari oz bo‘lmagan. Bu kishi ismlarining o‘zbek va tatar-boshqird tillarining yaqinlashishi (assimilyasiyasi) natijasida Shukurzyan va Mansurzyan bo‘lib ketgan bo‘lishi tabiiy. Shunday ekan, o‘zbek o‘g‘loni Shukurjon Mansurjonov taqdir taqozosi bilan Aleksandr Matrosov bo‘lib ketgan desak, balki xato bo‘lmas.

Har holda bu masalani chuqurroq o‘rganish tarixchi olimlar oldida turgan dolzarb vazifalardan biridir.

Naim KARIMOV, O‘zFA akademigi

Manba: ishonch.uz

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring