Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Angliyaga ishga joylashing, pulga ega bo‘ling va Biz bilan hamkorlik qiling!»

«Angliyaga ishga joylashing, pulga ega bo‘ling va Biz bilan hamkorlik qiling!»

Shu shior ostida 23 nafar fuqarolarni Angliya davlatiga jo‘natish bilan aldab, yirik miqdordagi mablag‘larni o‘zlashtirgan ma’uliyati cheklangan jamiyati rahbari sud hukmi bilan 6 yilga qamaldi.

Buxoro viloyati, Vobkent tumanidagi «Hajivon» mahallasi, Bo‘yrabot qishlog‘ida tug‘ilgan Sh.I.ning 22 yoshga to‘lib-to‘lmay, mas’uliyati cheklangan jamiyat tashkil etib, faoliyatini yo‘lga qo‘ygani qishloqdoshlarida havas uyg‘otgan.  Qishloqdoshlarining havasi unga «qanot» bo‘lgan.

«Vobkentning hu-uv chekkasida yashasam. Odamlar uchun kichikkina qilgan bir ishing ham «vo-oo» bo‘lib ko‘rinadi. Yetmaganiga qishloqdoshlarim sodda. «Ha» deganga ishonaverishadi. Ular havasda davom etaverishsin, men uning ortidan soqqa ishlab olaman»,-hoyu-havasga berilgan Sh.I. odamlarni chet elga yuborish va’dasi bilan o‘zi tashkil etgan MChJda qing‘ir xatti-harakatlarni boshladi.

O‘zi rahbarlik qilib kelayotgan «WTI» MChJ faoliyatini yuritishi uchun huquqiy hujjatlari bo‘lsa-da, O‘zbekiston fuqarolarini vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishlari maqsadida chet elga yuborish uchun beriladigan litsenziyasi bo‘lmagan. Shunga qaramasdan, u odamlarni MChJ orqali vaqtinchalik ishlash uchun Angliya davlatiga yuborib, yaxshi oylik maoshli ishga joylashtirib qo‘yishiga ishontirib kelgan. Hatto, bu ishga boshqa shaxslarni ham jalb etib, ular bilan jinoiy til biriktirgan. Odamlarni aldash va ishonchini suiiste’mol qilish yo‘li orqali katta miqdordagi mulkni qo‘lga kiritishni maqsad qilgan. Buxoro shahrida joylashgan «Buxoro savdo majmuasi» binosiga ijara shartnomasi orqali «o‘rnashib» olgan Sh.I. aynan shu manzilda fuqarolarni aldab, yirik miqdordagi mablag‘larni qo‘lga kiritib kelgan. Ayniqsa, korxonasi peshtoqiga ilingan Angliyaga ishga jo‘natish va pul ishlab topishga chorlovchi shior: «Angliyaga ishga joylashing, pulga ega bo‘ling va Biz bilan hamkorlik qiling!» unga qo‘l kelgan.

«Aka, olti oydan oshdi. Qachon Angliya ketamiz?», «Jo‘natsang jo‘nat, yo‘qsa, ustingdan arz qilamiz» degan iddaolar odamlar noroziligini keltirib chiqishiga sabab bo‘lgan. Shunga qaramasdan, Sh.I. o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, takroran boshqa shaxslar bilan ham jinoiy til biriktirib, salkam 30 ming AQSh dollariga teng pullarni qo‘lga kiritgan.

Yirik mablag‘ni korxona hisob raqamiga «o‘tkazib» qo‘ygan fuqaro O.J. salkam yarim yildan ortiq vaqtdan beri Angliyaga ketolmagach, sarsonlikka chek qo‘ygan va huquq tartibot idoralariga shikoyat arizasi bilan murojaat qilgan. O.J.ning shikoyati ortidan olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida  «WTI» rahbarining odamlarni aldash va ularning ishonchini suiste’mol qilish orqali ularning yirik miqdordagi mablag‘larini qo‘lga kiritib kelayotgani aniqlangan. 

«Jami 23 nafar fuqaro jamiyat rahbariga «chuv» tushgan. Sud-tergov harakatlari davomida yosh «ishbilarmon»ning kirdikorlari fosh etildi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik), 3-qismining «b» bandi bilan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi»,-deydi Buxoro viloyati sudi sudyasi Nozimjon Jo‘rayev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring