Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Aroqxo‘rlik bor ekan, jinoyatlar bo‘laveradi!

Aroqxo‘rlik bor ekan, jinoyatlar bo‘laveradi!

Aroq shaytonning quroli!

Foto: «naviny.by»

Giyohvandlikka qarshi kurashamiz, lekin unga undovchi spirtli ichimlikka nisbatan nega loqaydmiz?

Bugun vaqt shiddat bilan o‘tmoqda. Turmush tarzimiz jadallik bilan o‘zgarmoqda. Albatta yaxshi tomonga. Fan-texnika rivojlangani sayin yashash, mehnat qilish ham osonlashmoqda. Daromadini ko‘paytirish ishtiyoqida bo‘lgan odam borki, qimirlagani, izlangani sayin nimadir topmoqda. Faqatgina unda uquv, shijoat, g‘ayrat bo‘lsa bo‘lgani. Ammo bugun odamlarga nima yetishmayaptiki, ba’zilarning ko‘ngliga chiroq yoqsa yorishmaydigan, boshlagan ishini oxirigacha yetkazishga hafsala qilmay qo‘l siltab ketadiganlar uchramoqda. Bundaylarga mehr tuyg‘ulari, shukronalik, sabr-toqat, mas’uliyat, bir-birini qadrlash xislatlari yetishmayapti. Sababi ular insoniyatni aqlidan ayiradigan, egri yo‘llarga boshlaydigan spirtli ichimlikni qo‘rqmay, tap tortmay iste’mol qila oladilar.

Jinoyat haqidagi ko‘rsatuvda endigina qirchillama yoshga yetgan, ota-onasining xizmatini qilib, oilasiga, bola-chaqasiga bosh-qosh bo‘lishi kerak bo‘lgan bir yigit kayf holda hovlisiga kirib kelarkan, supada uxlab yotgan otasining tepasiga bordi. Qo‘liga boltani olib, otasini chopib tashladi. Umrini o‘g‘liga bag‘ishlab, uni shu yoshga yetkazgunicha keksalik yoshiga qadam qo‘yib, endi qarilik gashtini surishga zor bo‘lgan ota uxlab yotgan chog‘ida o‘z farzandining qo‘lida o‘lim topgan bo‘lsa-ya... Eng taajjublanarlisi, o‘g‘il go‘yo hech narsa bo‘lmaganday boltani yuvib, tozalab joyiga qo‘yadi va otasining cho‘ntagidagi pullarni olib, bir og‘aynisining to‘yiga boradi. U yerda yana aroq ichadi, otasining pullarini o‘ynayotganlar boshidan sochadi.

Ko‘rsatuvda qotillik sodir bo‘lgan mahallaning faollari va zobitlari o‘z fikr-mulohazalarini bildirisharkan, barchalari bir gapni ta’kidlashyapti: «Bu voqea hammamizga saboq bo‘ldi. Bu xodisa ro‘y berishida hammamizning aybimiz bor. Loqaydlik qildik, beparvolik qildik. Mahallada fuqarolar o‘rtasida tinmay tushuntirish ishlarini olib boryapmiz. Endi bundan keyin bu kabi jinoyatlar ro‘y bermasligi uchun qo‘limizdan kelgan barcha choralarni qo‘llaymiz...».

Bunday siyqasi chiqib ketgan gaplar har bir salbiy xodisadan keyin bo‘lib o‘tadigan mayda bahs-munozaralar xolos. Turmushimizda yomon illatlar bor ekan, jinoyatchiliklar, qotilliklar baribir sodir bo‘laveradi. Har bir qotillik aralashgan jinoyatdan keyin albatta o‘sha mahalla faollari o‘rtasida majlisbozliklar, tekshiruv-surishtiruv ishlari olib borilaveradi.

Shunday ekan, jinoyatchini o‘g‘rilikka, qotillikka, zo‘ravonlikka undagan aroqxo‘rlikdek illatni tag-tugi bilan yo‘q qilaylikki, toki o‘sha illat boshqa kimsalarni ham yo‘ldan urmasin, degan qat’iy chorani amalda qo‘llash fursati kelmadimi?

Zero o‘z otasini vahshiylarcha o‘ldirgan qotil o‘g‘il ilgaritdan kallakesar bo‘lmagan, otasini doimo kaltaklab yurmagan, tug‘ma manqurt, odamxo‘r bo‘lmagan, bu qotillikni aroq ta’sirida qanday qilib amalga oshirganini bilmay qolgan. Dinimiz insonni aqlu hushidan ayiruvchi ichimliklarni harom sanagan, meditsina ham aroq ichgan odamning miyasi aynib, o‘ziga bo‘ysunmay qolishini isbotlagan.

Oddiy so‘z bilan aytganda aroq shaytonning quroli!

Yuzlab, minglab jinoyatchilar orasidan hech bir kishi yo‘qki yoki og‘ziga aroq olmagan bo‘lsa, yoxud giyohvand modda iste’mol qilmagan bo‘lsa. Aks holda vahshiyga, o‘z yaqinining qotiliga aylanarmidi? Nima uchun jinoyatchilarning kirdikorlarini sinchiklab o‘rganamiz, ularni ozodlikdan mahrum qilamizu, ular iste’mol qilgan spirtli ichimlikni unutib qo‘yamiz?

Agar har bir mahallaning yaqinida aroq sotuvchi do‘konlar mavjud bo‘lmaganida aroqxo‘rlar soni ancha qisqargan bo‘larmidi... Uzoqqa borib o‘tirmayman, o‘zim ko‘p qavatli uylardan birida istiqomat qilaman. Sal nariroqda aroq do‘koni joylashgan. Yoz keldi deguncha bekorchi erkaklar yarim tungacha odamlarning tinchini buzib, baqir-chaqir qilib o‘tirishadi. Kayf aralash janjallashishadi. Aholi zich yashaydigan ko‘p qavatli uylar yonida aroq do‘konlarining faoliyat olib borishiga ushbu mahalla fuqarolari norozi bo‘lishsa-da, do‘konni berkitishga ojizlar. Poytaxtning markaziy ko‘chalaridan birida ham aroq sotuvchi do‘kon bor. U ko‘chaning shundoq yuzida, bekat yonida bo‘lgani uchun u yerdan chiqqan mast-alastlar odamlarning ta’bini xira qiladi. Eng yomoni, bekatda, yerda dumalab yotgan piyonistalarni ko‘rib, nahotki shahar markazida ham shunday xor odamlar uchrab tursa, degan g‘ashlik ruhiyatimizga ta’sir etmay qolmaydi.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, spirtli ichimlik ta’sirida es-hushini yo‘qotish tufayli sodir etilgan qotilliklar har yerda uchrab turadi. Qaysiki mahallada aroqxo‘rlar soni ko‘p bo‘lar ekan, o‘sha mahallada ajrimlar ham shunga yarasha. Mehribonlik uylariga tashlab ketilgan chaqaloqlarning ko‘pchiligining ota-onasi aroqxo‘rlardir. Ko‘ziga aroqdan boshqasi ko‘rinmagach, bolasini tashlab ketadida.

Toki mahalla oqsoqollari, zobitlari, kerak bo‘lsa deputatlar bir yoqadan bosh chiqarib aroqxo‘rlikka qarshi shunchaki so‘zda emas, amalda qat’iy choralarni qo‘llashmas ekan, jinoyatlar sodir bo‘laveradi. Aroqxo‘rlik nafaqat oilalarni parokandaga olib kelyapti, balki uning kasriga nogiron go‘daklar dunyoga kelyapti, ongsiz, qashshoq odamlar paydo bo‘lyapti.

Yurtboshimizning boshchiligida bugun yurtimizda islom dini yanada rivojlandi. Yoshu-qari, erkagu-ayol borki, emin-erkin Qur’on tilovati musobaqalarida qatnashishmoqda. Prezidentimiz har bir oilada tinchlik farovonlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida barcha choralarni qo‘llashimizga yo‘l ochib berdilar. Shunday ekan, mentalitetimizga yot bo‘lgan nimaiki illat bo‘lsa, barchasiga qarshi kurashish fursati ham yetib keldi.

Ra’no Mahmudova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring