Askiya nozikfahm zakiylar bahsi, «tor» hazillar emas!
Sahnada erkak va ayol duet kuylamoqda:
Erkak: — Ushlab olibsiz qo‘lingizga asbob,
Yarashibdi juda ham sizbop,
Nima chalasiz o‘zi, nima bu tormi?
Sizniki tormi, sizniki tormi?
Ayol: — Yo‘q, meniki tormas, meniki dutor...
***
Muhtasham saroylarning birida qiziqchi jamoalar tomosha ko‘rsatmoqda. Bundoq eshitsangiz oddiygina hangoma, dialog. Lekin nimagadir zalda gurra-gurra kulgi ko‘tariladi. Kimdir baland, kimdir past, yana kimdir og‘zini yopib kuladi. Birinchi qatorda o‘tirgan ayol bir lahza jilmayib, keyin yuzini chetga buradi. Orqa qatordagi yigit esa do‘stini tirsagi bilan turtadi, «tushundingmi» degan ishora bilan.
«Dizayn» jamoasi va shu kabi qiziqchilarning chiqishlaridagi har bir oddiy so‘z tagidagi qochirimlarga tomoshabinning tizzaga urib kulishlari oddiy hol. Chetdan qarasangiz, oddiy so‘z, lekin tagidagi ma’no g‘alati eshitilsa kerakki, oddiy so‘zga tomoshabin xoxolab, og‘zini bekitib, ko‘zini ayyorona qisib kuladi. Umrida hech qachon bunday chiqishlarni kuzatmagan odam boshqalarning nega kulayotganiga hayron qolishi mumkin. Toki o‘zining fikri ham ular kabi «buzilmaguncha». Yillar davomida shunday mantiqsiz «ijod» namunalari xalq miyasiga singdirilmoqdaki, oddiy asl so‘zdan qing‘ir ma’no chiqarish juda osonlashib ketdi. Bo‘lmasa oddiygina musiqa vositasi tor, dutor asboblari shuncha malomatga qolib ketmas, «sizniki tormi, yo‘q meniki dutor» dueti atrofida qizg‘in bahslar avj olmas edi...
Bunday ijod namunalarini askiyaga tenglash aslida to‘g‘rimi?
Askiya UNESCOning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan, tezkor mantiq talab qiladigan san’at turi. Uning zamirida so‘z o‘yini (qofiya), tashbeh va tilning nozik sirlarini anglash yotadi. Askiya qadimiy san’at turi, qiziqchilar bir biriga so‘z o‘yini qilayotganda odamlar xoxolab kulgan, ammo u paytlari aytilgan askiyalarda gapning tagida ikkinchi ma’no bo‘lsa-da, u hech qachon ochiqdan-ochiq behayolikka o‘tib ketmagan. Nazokat Ahmedovaning «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida chop etilgan «Gulmisiz, rayhonmisiz?» maqolasida Zayniddin Vosifiydan G‘anijon Toshmatovlar davrigacha bo‘lgan zargarona so‘z ustalari tilga olinadi, Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahar madaniyat uyi qoshidagi «Askiyachilar klubi» rahbari Akromjon Anvarovning quyidagi muhim fikrlari keltirib o‘tiladi: «Askiyadagi, avvalo, yukcak madaniyat cohibi, har bir so‘z yoki iborani o‘rnini topib ishlatishga mohir bo‘lishi talab etiladi... Askiyada oldindan tayyorlangan andozalardan samarali foydalanishda badihago‘ylik katta rol o‘ynaydi. Chunki ackiya jarayonida juda tez va aniq javob berish talab etiladi. Askiyachilar payrov mavzusidan chetga chiqib ketmasligi, nafsoniyatga va shaxsiyatga tegadigan gaplarni ishlatmasligi, yutib chiqishi yoki yutqazishidan qat’i nazar kek saqlamasligi, raqibini hurmat qilishi, boshqalarning fikr bildirishiga to‘sqinlik qilmasligi, o‘z fikrini barcha tushunadigan tarzda bayon qilishi lozim».
Darhaqiqat, askiya san’ati rivojiga munosib hissa qo‘shgan Oxunjon qiziq, Yusufjon qiziq Shakarjonov, Rasulqori Mamadaliyev, Abulqosim To‘ychiyev kabi zabardast so‘z ustalari ijro etgan askiya va payrovlar nafaqat shunchaki tomosha, balki yuksak fikr va zakovat mahsuli bo‘lgan.
Shunday ekan, yana bir bor savol tug‘iladi, nima uchun Nilufar Hamidova ishtirokidagi bunday «bemaza» chiqish askiyaga tenglashtirilmoqda?
Ushbu duet internetga tarqalgach juda ko‘p bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Dastlab aktrisa «tor va dutor haqidagi qo‘shiqni nega yomon ma’noga burayapsiz, agar siz bu qo‘shiqdan yomon ma’no chiqargan bo‘lsangiz muammo menda emas, muammo o‘zingizda, men madaniyat va san’at odamiman, nimani kuylayotganimni yaxshi bilaman, bu sohada juda ko‘p narsani bilaman», deb iddao qildi. San’atkorning «siz buzuq fikrlayapsiz» degan vajining o‘zi gazlayting, ayb yuklash ya’ni insonning o‘z sog‘lom fikriga shubha qildirish usuli emasmi? Bu xuddi birovning oyog‘ini ataylab bosib olib, keyin «Oyog‘ingiz nega bu yerda turibdi, o‘zingiz aybdorsiz» deyishga o‘xshaydi.
Odamlarning e’tirozlari baribir to‘xtamadi. Shundan so‘ng aktrisa keyingi video murojaatida xalqdan kechirim so‘rarkan shunday dedi: «Men o‘zbek san’ati, madaniyatining bir qismi bo‘lgan askiyadan ilhomlanib qilingan kontentimiz ko‘pchlikka manzur bo‘lmaganidan afsusdaman».
Maqolaning yozilishiga ham aynan Nilufar Hamidovaning mana shu videochiqishi sabab bo‘ldi. Ushbu sohada salkam 25 yil faoliyat yuritgan san’atkor «o‘zbek san’ati madaniyatining bir qismi bo‘lgan askiya janridan ilhomlangandim», deya askiya janriga nisbatan ma’naviy zo‘ravonlik qilmaganida balki bu maqola yozilmasmidi?
Xo‘sh, askiya o‘zi qanday janr?
Askiya janrini o‘rganish uchun tadqiqotlar olib borgan Farg‘ona davlat universiteti dotsenti, filologiya fanlari doktori Hikmatullo Do‘smatov o‘zining «Nozikfahm zakiylar bahsi tugamaydi» nomli maqolasida bu borada qimmatli ma’lumotlarni keltiradi: «Askiya» asli arabcha bo‘lib, «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»da yozilganidek, «ziyrak, aqlli, zehnli, qobiliyatli» ma’nolarini ifodalovchi zakiy so‘zining ko‘plik shakli azkiyodan kelib chiqqan. Olim o‘z maqolasida O‘rta Osiyo xalqlari hayotining tadqiqotchisi N.S.Likoshinning «Turkistonda yarim umr» kitobidan iqtibos keltirgan holda, askiyaga quyidagicha baho beradi: «O‘zbek xalq san’ati va o‘yinlari orasida askiya eng fikrga boy, kishilar hissiyoti va ongiga kuchli ta’sir etuvchi eng ta’sirchan vosita, kishini hayratda qoldiradigan original bahs (disput)dir».
Shuningdek, H. Do‘smatovning xulosa qilishicha, askiya va payrovlar inson tafakkurining hozirjavobligi, zehni o‘tkirligi, aql-idrok va donoligini ifodalaydi. Uning negizida so‘z o‘yinlari, qochiriqlar, kinoya va mubolag‘alar yotadi. Shu ma’noda, u yoshlarimizni so‘zga chechan, zakiy va nozikfahm qilib tarbiyalashda katta rol o‘ynaydi. Bunday harakatlar o‘zbek askiyachilik san’atining xalqaro miqyosda yoyilishiga va komil inson tarbiyasiga xizmat qiladi».
Biroq, bugungi kunda «askiya» deb taqdim etilayotgan ayrim chiqishlar kishini o‘ylantirib qo‘yadi. Xo‘sh, hozirgi davralardagi aytilayotgan «askiya»lar yoshlarni so‘zning ikkinchi nozik ishorasini o‘rganishga va zakovatga chorlayaptimi yoki ularni shunchaki arzon, uyatli sha’malardan zavqlanishga odatlantirmoqdami? Afsuski, bugungi kunda «askiya» deganda ko‘pchilikning xayoliga «beldan past» ishoralar keladigan bo‘lib qoldi. Vaholanki, klassik askiyada asosiy urg‘u so‘zning ma’nosini topish va raqibni mantiq bilan mot qilishga qaratiladi. Hozirgi ikki ma’noli sha’ma «innuendo» yumori esa askiyaning soddalashgan va qadrsizlangan ko‘rinishidir.
Nilufar Hamidova va Yakzon ijro etgan duet atrofidagi bahslar ham shunday savolni o‘rtaga tashladi: bu askiyami, yoki askiya niqobi ostidagi arzon ishorami? Axir avvalgi qiziqchilar va askiya ustalarining uslubi hozirgidan jiddiy farq qilgan. Ularning mahorati shunda bo‘lganki, aytilgan gapning ustki ma’nosi mutlaqo odobli bo‘lib, ikkinchi «tagdor» ma’nosini faqat zakiy va so‘z tagida gap borligini tushunadigan odamgina ilg‘ab olgan. Askiya aytadiganlar bunday mavzularga juda ehtiyotkorlik bilan, «pichoqning tig‘ida yurgandek» yondashishgan va ko‘proq ijtimoiy muammolar, xarakter va kasb-kor ustidan kulishni afzal ko‘rishgan.
Qolaversa, bunday tagdor qochirimlarni ayol va erkak birgalikda omma oldida hech qachon aytmagan. Nahotki, salkam 25 yildan beri shu sohada faoliyat yuritayotgan san’atkor hazil tomoshalar faqat erkaklarning yopiq davrasiga xos bo‘lganini, xotin-qizlar ishtirok etgan sahnada bunday ishoralar qilish «behayolik» deb baholanganini bilmagan. Yoshlarga dars bergan ustoz san’atkor nahotki qochirimli payrovlar ikki jins ishtirokida aytilishi uyoqda tursin ayollar, yoshlar orasida ijro qilinmasligini, faqat erkaklar davrasida aytilishining guvohi bo‘lmagan?
Hozirgi vaynlar va ba’zi guruhlarning chiqishlarida askiyaning nozik qochirim xususiyati yo‘qolib so‘z tagida gap qoldirish emas, balki so‘z orqali nojo‘ya narsaga ochiq ishora qilish urfga kirdi. Yoshlarning askiyaga taqlid qilib olayotgan vaynlarida ko‘pincha ijtimoiy tanqid yoki madaniy yumor chetda qolib, faqatgina shaxsiyatga tegish yoki uyatli mavzular birinchi o‘ringa chiqmoqda.
Yoshlarga bu borada kim o‘rnak bo‘lmoqda?
Yana bir e’tibor beriladigan jihat, aktrisa meni ko‘rib yoshlar buzilib qolmaydi dedi, lekin bunday chiqishlar o‘sib kelayotgan avlodda so‘zga bo‘lgan mas’uliyatni o‘ldiradi. Did zo‘ravonligi ko‘pgina tadqiqotlarda uchraydi. Bu — ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali insonga siyqasi chiqqan, qo‘pol va past saviyali kontentni majburan singdirishdir. Siz televizorni yoqasiz yoki ijtimoiy tarmoqqa kirasiz va xohlasangiz-xohlamasangiz shu bachkana ishorali hazillarga duch kelasiz. Bu sizning didingizni majburan zaharlash, demakki, ma’naviy olamingizga zo‘rlik bilan kirishdir.
Ota-bobolarimiz ishlatgan qochirimlar kishini mushohadaga chorlagan bo‘lsa, bugungi «gap tagidagi gaplar» faqatgina xijolatpazlik yoki mantiqsiz kulgini keltirib chiqaradi. Achinarlisi, san’at niqobi ostida uyatsizlik normallashadi, estetik did pasayadi va ommaviy madaniyatning eng past qatlamlariga moslashish boshlanadi.
Yanayam afsuslanarlisi, askiyaning asl mohiyati buzilganda, til o‘z nafosatini yo‘qotadi. So‘zlarning asl ma’nosi qolib, faqat sha’ma va kinoyalarga tayanish tilning boy imkoniyatlarini cheklab qo‘yadi. Bu jarayon, ayniqsa, so‘z boyligi endi shakllanayotgan yosh avlodning nutqi va tafakkuriga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayol-erkak o‘rtasidagi muloqot hazilga o‘ralib o‘rtada hurmat kamayib boradi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, jamiyatda ishorali yumorning me’yordan ortishi tilning nafosatini o‘ldiribgina qolmay, odamlar o‘rtasidagi ijtimoiy masofa va hurmat chegaralarini yemiradi.
Bunday duetlarning, agar san’at deyish joyiz bo‘lsa jamiyatga yetkazayotgan eng katta zarari so‘zlarning mazmunini zaharlayotganidadir.
Keling, yuqoridagi tor va dutor ishtirok etgan duetni lingvistik tahlil qilib ko‘ramiz.
Agar aktrisa iddao qilganidek, maqsad cholg‘u asbobi haqida kuylash bo‘lganida, matn quyidagicha bo‘lardi: «Sizning qo‘lingizdagi dutormi?» yoki «Bu cholg‘u asbobi tormi?», «Yo‘q mening qo‘limdagi tor emas dutor» qabilida so‘z qurilganida bu yerda e’tibor obyektga (cholg‘u asbobiga) qaratilgan bo‘lardi. «Sizniki» — bu shaxsiyatga qaratilgan ishora. Duetda aytilgan «Sizniki tormi?» jumlasida urg‘u bevosita suhbatdoshning o‘ziga, uning tanasiga yoki shaxsiy hududiga qaratilgan. O‘zbek tilining mantiqiy qurilishida «sizniki» so‘zi aksar hollarda jismoniy yoki shaxsiy tegishlilikni anglatadi.
Bu yerda grammatik qurilishning o‘ziyoq ikki ma’nolilik (innuendo) uchun ataylab tanlangan. Dutor, tor, nay yoki g‘ijjak deganda ko‘z oldimizga nafis san’at, maqom va milliy iftixor keladi. Sahnadagi bunday bo‘lmag‘ur va mantiqsiz ishoralar tufayli bu so‘zlarning ortiga «ikkinchi ma’no» — uyatsiz ishoralar tirkab qo‘yildi, ya’ni san’at vositalari yumorning «quroli»ga aylanib qoldi.
G‘arb adabiyotshunosligi va lingvistikasida bu «Double Entendre» deb ataladi. Masalan, Viktoriya Eriksson shuni ta’kidlaydiki, agar yumor faqat jinsiy tagma’noga (innuendo) tayansa, u «Low-brow humor» (past saviyali yumor) toifasiga kiradi. Chet elda bunday yumorning haddan tashqari ko‘payib ketishi jamiyatdagi «Objectification» (insonni shaxs emas, buyum yoki obyekt sifatida ko‘rish) jarayonini tezlashtirishi isbotlangan. Agar yumor faqat past instinktlarga xizmat qilsa, jamiyatning jiddiy muammolarni muhokama qilish qobiliyati yo‘qoladi.
Askiya — bu so‘zning yukini his qilish va uning zamiridagi ma’nolarni noziklik bilan yetkazish san’ati. Yumor, kulgi degani oddiy so‘zdan ataylab uyatli ma’no chiqarish emas, balki so‘z mas’uliyatini anglagan holda davradagi andisha pardasini asrab qolishdir. Tilning nafosati va mazmuni yo‘qolgan joyda nafaqat san’at, balki jamiyatning ma’naviy qiyofasi ham inqirozga yuz tutadi. Shu sababli san’atkorlar so‘zni xayp qurboniga aylantirmasdan, tilning asl jozibasini va insoniy hurmatni saqlab qolish haqida qayg‘ursa yaxshi bo‘lardi. Tor va dutor arzon xayp uchun emas, san’at va didni o‘stirishga xizmat qilsin — tor torligicha, dutor esa dutorligicha qolsin!


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter