Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Aviachipta sotishda eskirgan byurokratik usullar hamon saqlanib qolayotgandi

Aviachipta sotishda eskirgan byurokratik usullar hamon saqlanib qolayotgandi

Foto: «Loukoster.com»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-dekabrdagi «Byurokratik to‘siqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining qabul qilinishi davlat organlarida eskirgan byurokratik usullarda ish yuritish, shu jumladan, hujjatlar aylanmasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish darajasini yangi bosqichga ko‘tardi.

Biroq aholi bilan muloqotlar, joylardagi o‘rganishlar, tarmoqqa oid qonun hujjatlari va huquqni qo‘llash amaliyotining tahlili «UZBEKISTAN AIRWAYS» aksiyadorlik jamiyatiga qarashli aviakassalar faoliyatida, ayniqsa, aviachipta sotishda eskirgan byurokratik usullar hamon saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Xususan, «O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasining 2015-yil 25-oktyabrdagi 75-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan Yo‘riqnomaning eskirgani, undagi tegishli normalarning takomillashtirilmagani fuqarolar uchun o‘rinsiz, mantiqsiz to‘siqlarni yuzaga keltirmoqda.

Mazkur Yo‘riqnomaning 3.1 bandiga muvofiq, agar fuqarolarimiz «UZBEKISTAN AIRWAYS»ga qarashli kassalardan o‘z yaqinlari uchun aviachipta sotib olmoqchi bo‘lishsa, ulardan fuqarolik pasportining asl nusxasi talab qilinmoqda. Aks holda fuqarolarga aviachipta sotilmayapti. Oqibatda bu holat, ayniqsa, yaqinlari boshqa viloyatlarda yashayotganlar uchun qator qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda va yo‘lovchilarning haqli e’tirozlari kundan-kunga ko‘paymoqda.

Biroq «UZBEKISTAN AIRWAYS» aksiyadorlik jamiyatining «uzairways.online» sayti orqali onlayn tarzda fuqarolik pasportining seriya raqami va amal qilish muddatlarini ko‘rsatgan holda aviachiptani qonuniy asoslarda sotib olish imkoniyati mavjud.

Yuqoridagilarni inobatga olib hamda mamlakatimiz aholisini ortiqcha va sun’iy to‘siqlardan, sansalorlikdan xalos qilish, shuningdek, aviachiptalar savdosidagi korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Q.Burxanov «UZBEKISTAN AIRWAYS» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi v.b. I.Maxkamovga senator so‘rovi yubordi.

Unda «O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasining 2015-yil 25-oktyabrdagi 75-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan Yo‘riqnomaga aviachiptalar sotib olish bo‘yicha belgilangan talablarni soddalashtirishga qaratilgan tegishli o‘zgartishlar kiritish choralarini ko‘rish va natijasi yuzasidan ma’lumotlar taqdim etish so‘ralgan, deb yozadi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring