«AVO Bank» noto‘g‘ri reklama tarqatishda ayblanib, jarimaga tortildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan yana bir bank jarimaga tortildi.
Raqobat qo‘mitasiga «AVO Bank» AJ (raqamli bank) ko‘rsatayotgan xizmatlari haqida noto‘g‘ri reklama tarqatayotganligi yuzasidan murojaat kelib tushgan.
Xususan murojaatda, bank saytining «AVO bonuslari» sahifasidagi reklama axborotlarida «250 000 so‘m Har bir yangi mijozga», «+250 000 so‘m Sizga va Avoning har bir yangi mijoziga», «Hisobingizga 250 000 so‘m olish» va «Kartaga 250 000 so‘m olish» kabi ma’lumotlar ko‘rsatilganligi, biroq, bank tomonidan har bir yangi mijozga 250 000 so‘m pul berilmasligi, mazkur pul ko‘rinishidagi bonuslarni olish uchun bank mijozi ma’lum bir harakatlarni amalga oshirishi lozimligi, shunda ham mijozga 250 000 so‘m pul mablag‘i naqd pul ko‘rinishida taqdim etilmasdan bankning mobil ilovasi orqali bonus ballari ko‘rinishida taqdim etilishi ma’lum qilingan.
Ushbu holat yuzasidan olib borilgan o‘rganish ishlari natijasida «AVO Bank» AJning rasmiy veb-saytida «AVO O‘zbekistondagi eng qulay mobil bank» mazmunidagi reklama joylashtirilganligi, shuningdek, bank tomonidan har bir yangi mijoz uchun 1 bonus bali 1 so‘mga teng bo‘lgan bonus ballari taqdim etilishi, mijozning o‘z xohishiga ko‘ra ushbu bonuslarni pul mablag‘lariga almashtirishi yoki bankning ko‘rsatgan xizmatlari uchun to‘lov sifatida ishlatishi mumkinligi belgilanganligi, shu sababdan reklama axborotlarida «Har bir yangi mijoz uchun 250 000 so‘m oling», «Har bir taklif qilingan shaxs uchun 50 000 so‘m», «Hisob raqamiga 250 000 so‘m oling» mazmunidagi iboralardan foydalanilganligi, biroq, «AVO Bank» AJning ushbu pul mablag‘larini mijozlarning hisob-raqamlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazib berish imkoni mavjud emasligi aniqlandi.
Shu bilan birgalikda, «AVO Bank» AJ tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari va tashqi reklama vositalarida tarqatilgan reklama axborotlari qo‘shimcha ravishda o‘rganilganda bir qator kamchiliklar aniqlandi.
Jumladan, turli manbalar orqali e’lon qilingan reklama axborotlarida “AVO Bank” AJning “AVO Platinum” kredit kartasi haqida joylashtirilgan ma’lumotlarida “AVO platinum kredit kartasi - har qanday xarid uchun 0% stavka” hamda “AVO platinum kredit kartasi – 2 millionga xarid qilib, 2 million qaytarish” degan mazmundagi iboralar foydalanilganligi kuzatildi.
Vaholanki, “AVO Bank” AJning “AVO Platinum” kredit kartasi mablag‘laridan foydalanish shartlariga ko‘ra, mijozlarning ushbu kredit kartalari orqali amalga oshirgan xarid summalari uchun 45 kun davomida foizlar hisoblanmasligi, xarid amalga oshirilgan sanadan 45 kun o‘tgach ushbu pul mablag‘lari uchun belgilangan tartibda kredit foizlari hisoblanishi ma’lum bo‘ldi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining 16-moddasi birinchi qismi va O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasi birinchi qismi talablari buzilishi alomatlari yuzasidan “AVO Bank” AJga nisbatan reklama va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilganligi natijasida belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter