Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Avratni yopib yurish shart, lekin yuzingni ochib yur...» — Alisher Qodirov

«Avratni yopib yurish shart, lekin yuzingni ochib yur...» — Alisher Qodirov

Foto: Xabar.uz

Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodekslarga qo‘shimchalar kiritilayotgani ijtimoiy tarmoqlarda faol muhokama qilinyapti.

Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash ko‘rib chiqilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari, «Milliy tiklanish» DP MK raisi Alisher Qodirov bu masalada shaxsiy fikrlarini yozdi.

«Afsus, doimgidek, «og‘zingni och, ko‘zingni yop» usulida dumaloq-yostiq, trolling va xeytlar kam emas.

Bu cheklovlar bilan jamiyatimizning qadrli mezonlarini himoya qilishga umid qilayapmiz.

Oila, ayol, avrat, nikoh, farzand… hammamiz uchun, juda qadrli mezonlar!

Bugungi ahvolimizga qarang!

Kim qadrli mezonlarimizni xavf faktorlariga aylantirib yuborayapti!?

Masalan, dinimizda ayol kishining yuzi avrat emas, lekin e’tiqodni niqob qilib, yuzini tamoman yopib olgan «maqsadi noma’lum», burqa kiyib olgan erkaklar qo‘lga tushdi, ular kimlar va maqsadlari nima?!

Avratni yopib yurish shart, lekin yuzingni ochib yur, Yaratgan yuzni avrat qilmadiku?

Jamiyat, qolaversa yaqinlarimizni xavfsizligi uchun bunga e’tibor bermaslik mumkinmi?

Nikoh birinchi navbatda majburiyat!

Nikoh o‘qitib olib, uchta-to‘rttalab farzandni ko‘chaga tashlab ketayotgan «erkak»lar ko‘payib ketdi, bu statistika!

Davlatga ko‘rinmaydigan, qonunga asosan yordam berish mumkin bo‘lmagan behujjat ayollar, bolalar keskin ortib ketdi, bu ketishda nima bo‘ladi?!

Nikoh, oila, farzand shunchalar beqadr bo‘ldimi?

Nikoh ta’qiqlanmadi, uni mustahkamlash uchun tartibga solinayapti: avval ro‘yxatdan o‘t, davlat har bir fuqaroni hisobini bilishi kerak!

Reklama birinchi bo‘lib qorni ochga ta’sir qilganidek, bitta oilani eplash qo‘lidan kelmagan «qahramonlar», dinimizda belgilangan aniq va juda og‘ir shartlar va majburiyatlarga qaramay, bir kalla qand bilan nikoh o‘qitib olib, g‘o‘ddayib «alimentdan qochib yurishibdi»!

Bu nikohga isnod, ayolni ho‘rlash emasmi!?

Farosat va diniy bilimi borlar tushunadigan cheklovni ta’qiq deb baqirayotganlar aynan shu «g‘o‘dayganlar» bo‘lib chiqsa hayron bo‘lmayman.

*

Nega kamsitishlarga jazo kuchayishi kerak!?

E’tiqod sababli kamsitish kabi sovet kasalidan qutulayapmiz, lekin milliy, etnik, «ko‘pchilik-ozchilik» niqobini kiyib olib, qolganlarni kamsitish, og‘ziga urish, provokatsiya qilish, yo‘q joyda nizo, adovat qo‘zg‘atishning maqsad-oqibatlari haqida soatlab yozish mumkin. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun huquqiy asos yaratilmoqda!

Oson bo‘ladimi huquqiy baho!? Albatta yo‘q, lekin qarab turmoqchi emasmiz! Amaliyot xato ko‘rsatsa, tuzatiladi, tahlillar to‘xtatilmaydi!

Albatta yozib, hammasini tushuntirish qiyin, ayniqsa o‘jarlik bilan ko‘zini ochishni rad etayotganlarga!

Lekin, bir narsani aniq aytaman, qonunlar ishlanayotganida mutaxassislar, soha bilimdonlari bilan maslahat qilinadi.

Siz tushunmayapsiz degani, xato degani emas! Muammolarni muhokama qilishni o‘rganishimiz kerak.

Qonunchilik palatasida xalq, millat, davlat, qadriyatlar haqida qarorlar yetmish marta o‘lchanadi, bu muhim qoida!

Gohida, hammaga ham yoqmaydigan, lekin hamma uchun zarur qarorlar ham qabul qilinadi, buni hammaga tushuntirib bo‘lmaydi!

Ba’zida himoya qilish ozor berish orqali bo‘ladi, davolash og‘riq bilan bo‘lganidek!

Harakatlar, qarashlar, fikrlar har-xil bo‘lishi mumkin, lekin maqsadimiz va O‘zbekistonimiz bitta!

Bir-birimizni asrashni o‘rganmasak el bo‘lolmaymiz!», deb yozadi Alisher Qodirov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq qo‘shxotinlikni targ‘ib qilganlik uchun ham javobgarlik belgilanayotgani xabar qilingandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring