«Ayollar orzulari ro‘yobi yo‘lidagi to‘siqlar olib tashlanishi kerak» – Sharlotta Adrian
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian 8 mart ؘ– Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida ayollarning baxtli hayot kechirishi uchun lozim bo‘lgan masalalarga e’tibor qaratdi.
«O‘zbek xotin-qizlarining jonkuyarligi, jamiyatning barcha sohalarida o‘zgarishlar tashabbuskori sifatida ishtirok etishga tayyorligi menda doimo katta taassurot qoldirib kelgan. Innovatsiyalar va texnologik o‘zgarishlar, raqamli asrda ta’lim – bularning barchasi gender tengligiga erishish va barcha ayollar va qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish uchun imkoniyatlar yaratadi», – deydi Sh.Adrian xonim.
Qayd etilishicha, «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili»da O‘zbekistonda gender tengligiga erishish, ayollarning iqtisodiyot, ilm-fan va raqamli dunyoda faol ishtiroki uchun ko‘proq imkoniyatlar yaratish bo‘yicha izchil choralar ko‘rilmoqda. Bu esa Yevropa Ko‘nikmalar yilining ustuvor yo‘nalishlariga hamohangdir.
Ayni choqda, bu borada e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan masalalar ham mavjud.
«Ayollar o‘z orzularini ro‘yobga chiqarishlari va jamiyatda teng huquqli ishtirokchi bo‘lishlari uchun barcha to‘siqlarni olib tashlash kerak. Ulardan biri – jinsga asoslangan zo‘ravonlikdir. Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kuchli kurash olib borilishi va unga aslo yo‘l qo‘yilmasligi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Umid qilamanki, yaqin kelajakda zo‘ravonlikning barcha shakllari O‘zbekistonda jinoiy javobgarlikka tortiladigan bo‘ladi. Bu esa barchaga – erkaklaru ayollarga zo‘ravonlikning har qanday shakliga toqat qilib bo‘lmasligi borasida kuchli ishora bo‘ladi», – deya xulosa qiladi YeIning yurtimizdagi elchisi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter