Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bajarmaslikka hech qaysi rahbarning haqqi yo‘q» — prezident

«Bajarmaslikka hech qaysi rahbarning haqqi yo‘q» — prezident

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

«Bugun muhokama qiladigan uchta masalamiz bevosita inson qadri bilan bog‘liq, xalqimizni rozi qilishga qaratilgan. Ularni bajarmaslikka hech qaysi rahbarning haqqi yo‘q.

Kun tartibidagi birinchi masalada ichki yo‘llar sifatini yaxshilash bo‘yicha aniq vazifalarni muhokama qilamiz.

«Tashabbusli budjet» portali orqali aholidan tushgan 20 mingta yoki jami takliflarning 25 foizi ham ichki yo‘llarni yaxshilash bilan bog‘liqligi masalaning dolzarbligini ko‘rsatmoqda», — dedi davlat rahbari.

Bu borada Andijon tajribasi ko‘rsatib o‘tildi. Viloyatdagi sement ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan klaster tashkil etilib, olis va chekka mahallalardagi 23 kilometr qum-shag‘al yo‘llar sement-beton qoplamaga o‘tkazildi.

Ushbu 31 ta mahallada asfalt-beton o‘rniga sementdan foydalanish orqali qurilishdan 600 million so‘m iqtisod qilindi. Bu ishlarning hisobiga 350 ming dollarlik bitum importi uchun mablag‘ tejaldi.

Eng asosiysi, klaster o‘zi qurgan yo‘llarni 10 yil davomida kafolatli saqlashni zimmasiga olgan.

«Har bir viloyatda yirik sement korxonalari va xususiy korxonalar bilan birgalikda yo‘l qurish va ekspluatatsiya klasterlarini tashkil etish orqali ichki yo‘llarning egasini topish bo‘yicha topshiriq bergan edim.

Bu borada Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Qashqadaryo va Navoiydagi ishlar ahvoli qolgan hududlarga qaraganda hali sust», dedi Prezident.

Bu hududlar hokimlariga masalaning ichiga kirib, jiddiy shug‘ullanishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Umuman, 2022 yilda 2 ming 300 kilometr, shu jumladan Andijonda 270 kilometr, Farg‘onada 200, Qashqadaryo va Toshkent viloyatida 190, Navoiy, Namangan va Samarqandda 180, Buxoro, Jizzax va Surxondaryoda 170, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda 160, Sirdaryoda 150 kilometr sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni barpo etish vazifasi qo‘yildi.

Buning uchun 2022 yilda sement ishlab chiqarish hajmi 3,5 million tonnaga ko‘payadi. Ya’ni, joriy yil yakuni bilan mahalliy sement ishlab chiqarish hajmi 18 million tonnaga yetadi. Bu bilan ichki ehtiyojlar to‘liq qoplanishi ta’kidlandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring